Qazzofiy Nazarboyevga SSSR yadro qurollari uchun “yog‘li” taklif bergani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
17 iyul 2021
13635Falastinning sobiq rahbari Yosir Arofat SSSR qulaganidan so‘ng, Liviya rahbari Muammar Qazzofiy nomidan Qozog‘istonga Sovet yadro qurolini saqlab qolish uchun 20 mlrd dollar taklif qilgan. Bu haqda Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev “Qozoq: oltin odam tarixi” nomli film uchun bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Biz dunyodagi to‘rtinchi yadro qurollari jamlanmasi sohibiga aylanib qolgandik. Mening oldimga murojaat bilan kela boshlashdi — Margaret Tetcher (1979 –1990 yillarda Buyuk Britaniya Bosh vaziri), Jeyms Beyker (1989 – 1992 yillarda AQSH davlat kotibi). Ularning bari kelib, so‘rashdi: “ raketalar nima bo‘ladi, nima qilasiz?”, deydi Nazarboyev o‘tgan asrning 90-yillarini eslab.
Elboshining ta’kidlashicha, Qozog‘istonning amaldagi Prezidenti, 1994-1999 yillarda Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Qosim-Jomart To‘qayev o‘sha vaqtda qator islom davlatlaridan Nazarboyev nomiga xat olgan. Unda Qozog‘iston yadroviy qurolga ega yagona Islom davlatiga aylangan, uni saqlab qolish kerakligi aytilgan.
Shundan so‘ng, Falastin milliy ma’muriyatining raisi Yosir Arofat respublikaga kelgan, deydi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti.
“Men do‘stlaringiz nomidan keldim. Uni yadroviy qurollar bilan bog‘liq vaziyatdan boxabar bo‘lish uchun Muammar Qazzofiy yuborgan edi. Albatta, menda bu qurollarni sotish fikri yo‘q edi. Men shunchaki aytdim: ularning ta’minoti juda qimmat, Qozog‘iston dosh berolmaydi. “Qancha pul kerak?”, dedi Arofat. Men o‘shanda pulning miqdori haqida tasavvurga ega emasdim, ayniqsa, dollarda. Shunda, hazillashib, osmondan keldim va 20 milliard dedim. Shunchaki aytdim. Men buni hazil, deb o‘ylagan edim”, deya Nazarboyev Arafot bilan suhbatini yodga olgan.
Elboshining qayd etishicha, Falastin rahbari bunga jiddiy munosabat bildirgan, “men beraman, sizda shu pul bo‘ladi”, deya javob qaytargan. Ammo Nazarboyev bunday niyati yo‘qligi uchun pullarni olmaganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, SSSR parchalanganda Qozog‘istonda 126 ta yadroviy qurol bo‘lgan. Mamlakatda yadroviy arsenal hajqmi bo‘yicha AQSH, Rossiya va Ukrainadan keyin to‘rtinchi bo‘lgan. Yakunda esa Qozog‘iston va Ukraina o‘z yadroviy qurollarini Rossiya Federatsiyasiga topshirgan.