Qaysi o‘rinni egallab pley-offga chiqishimizning ahamiyati yo‘q – Srechko Katanets
Sport
−
22 yanvar
7592Bugun, 22 yanvar kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Avstraliyaga qarshi Osiyo kubogining 3-tur o‘yini oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Biz o‘yinga tayyormiz, Avstraliya dastlabki ikki bahsda bir-biridan farq qiluvchi uslubga ega jamoalar bilan normal o‘yin ko‘rsatdi. Raqib jarima maydoni yaqinida bemalol harakat qildi. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Ular o‘yinni yaxshi tashkil qiladi, standart vaziyatlarda juda xavfli. Bu jihatlarga ko‘proq urg‘u berish kerak. Avstraliyaliklar agressiv o‘yin ko‘rsatadi. Eng muhimi futbolchilar har qanday vaziyatga tayyor turishi kerak. O‘ylaymanki, o‘z imkoniyatlarimizdan unumli foydalanamiz”, deydi Srechko Katanets.
Katanets milliy terma jamoa qaysi o‘rinni egallab guruhdan chiqish niyatida ekanligi bog‘liq savolga ham javob berdi.
“Qaysi o‘rinni egallab pley-offga chiqishimizning ahamiyati yo‘q. Keyingi bosqich uchun raqib tanlab, hisob-kitob qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Futbolchilardan doimo professional bo‘lishni talab qilganman. O‘ylashimcha, keyingi bosqichda boshqa jamoalar ham bizga raqib bo‘lishdan xursand bo‘lmaydi. Biroq o‘yin natijasi juda ko‘p jihatlarga bog‘liq”, deydi murabbiy.
Murabbiyning bildirishicha O‘zbekiston terma jamoasining yana bir himoyachisi jarohat olgan.
“Afsuski, Sherzod Nasrullayev ertangi bahsni o‘tkazib yuboradi. Biz katta ehtimol bilan pley-off masalasini hal qilib bo‘ldik, yigitlarga bosim yuklamaymiz. Albatta, har qanday raqibga qarshi o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz va bor kuchimizni maydonda ko‘rsatamiz”, deydi terma ustozi.
LiveBarchasi