Qaynonasining uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan erkak ushlandi (video)

3-sahifa

image

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX va IIV xodimlari hamkorligida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2001 yilda tug‘ilgan shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida joylashtirayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, u o‘z qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlanib, tintuv tergov harakatlari davomida ushbu manzildan 9 kg 450 gr mefedron sintetik giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. Bundan tashqari, mazkur fuqaro tomonidan mijozlarga sotish maqsadida xufiya joylarga qoldirilgan jami 595 gr mefedron moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sariosiyo tumanida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Uzun tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 82 kg 478 gr “opiy” moddasini olib, mahalliy fermer xo‘jaliklaridan birining noturar binosiga yashirib qo‘ymoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan. 

Aniqlanishicha, u 2 ming AQSH dollari xizmat haqi evaziga tojikistonlik narkosavdogarning ko‘rsatmasiga asosan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida belgilangan joyga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. 

Boshqa holatda esa Rossiya Federatsiyasidan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali boshqa tovar nomi ostida plastik idishda yuborilgan 7 kg 313 gr sintetik kannabinoid analogi bo‘lgan 5-Fluro-ADB giyohvand moddasini qabul qilib olganlarida Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi, 2001 va 2002 yillarda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 2 nafar shaxs DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ular WhatsApp messenjeri orqali tanishgan noma’lum profil egasi topshirig‘iga ko‘ra, 500 AQSH dollari evaziga ushbu ajal og‘usini Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkotik moddani Samarqand viloyatida qabul qilib olgan vaqtida Pastdarg‘om tumanida yashovchi 2001 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ham ushlangan. 

Ulardan birining Samarqand shahridagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan yashirin laboratoriya tashkil qilingani ma’lum bo‘lgan. 

Bildirilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 48 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan narkolaboratoriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing