“Qatl mashinasi”: Eron hukumati 2022 yilda necha kishini o‘limga hukm qildi

Olam

image

Eron hukumati o‘tgan 2022 yilda 582 kishini qatl qilgan, bu esa 2021 yilga nisbatan 75 foizga ko‘p hisoblanadi. Bu haqda “Deutsche welle” xabar berdi

Norvegiyada joylashgan Eron Inson huquqlari (EIH) va Parijda joylashgan O‘lim jazosiga qarshi birgalikda (O‘JQB) guruhlari 13 aprel kuni e’lon qilgan hisobotida to‘rt kishi o‘tgan yili oxirida boshlangan norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun osilganini aytdi.

Eronda 2022 yil sentyabr oyida boshlangan ommaviy norozilik namoyishlariga politsiya hibsxonasida halok bo‘lgan 22 yoshli etnik kurd Jina Mahsa Aminining o‘limi sabab bo‘lgan edi.

Ikki guruh tomonidan Erondagi o‘limga hukm qilish jarayonlari “qatl mashinasi” deb atalgan va qoralangan. Ularga ko‘ra, 2021 yilda Eronda 333 kishi qatl etilgan. Shuningdek, joriy yilning shu paytigacha 151 ta qatl amalga oshirilgan.

Eronning Inson huquqlari bo‘yicha direktori Mahmud Amiri-Mog‘addamning aytishicha, to‘rt nafar namoyishchining qatl etilishi xalqaro keskin reaksiyalarga sabab bo‘lgan va bu ularni qatl etishni davom ettirish jarayonini qiyinlashtirgan.

Mog‘addamning aytishicha, Erondagi har bir qatl, ayblovlarning qanday bo‘lishidan qat’iy nazar siyosiydir. Mog‘addam giyohvand moddalar yoki jinoiy ayblovlar bilan o‘limga hukm qilinganlarni Tehrondagi rejim uchun “arzon qurbonlar” deb ta’rifladi, chunki ularning qatl etilishi keng miqyosda qoralanishlarga sabab bo‘lishi mumkin emas.

Hisobotga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan beri qatl etilganlarning yarmidan ko‘pi giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bilan o‘limga hukm qilingan. 2022 yilda qatllarning 49 foizi qotillik ayblovlari bo‘yicha amalga oshirilgan.

Guruhlar, shuningdek, qatllarni e’lon qilishda shaffoflik yo‘qligini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, barcha qatllarning 88 foizdan ortig‘i va giyohvand moddalar bilan bog‘liq qatllarning 99 foizi rasmiylar tomonidan e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Eronda 2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etgandi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab oldi. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Qatl etish o'limga hukm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing