Qatar vaziri ham Damashqqa bordi
Olam
−
14:55
1429Qatar Tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Muhammad al-Xulayfiy bugun, 23 dekabr kuni Qatar milliy aviakompaniyasi Qatar Airways samolyoti bortida Damashqqa yetib bordi. Bu haqda Bosh vazir maslahatchisi, amirlik tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Majid bin Muhammad al-Ansoriy ma’lum qildi.
“Al-Xulayfiy Janobi Oliylari boshchiligida Qatarning yuqori darajali rasmiy delegatsiyasi yaqinda Damashqqa Qatar Airways aviakompaniyasining Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Suriya poytaxti aeroportiga qo‘ngan birinchi samolyotida keldi. Qatar delegatsiyasi bir qator Suriya rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda”, deb yozdi al-Ansoriy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
21 dekabr kuni Qatarning Damashqdagi elchixonasi 2011 yilda Suriyadagi mojaro tufayli diplomatik vakolatxona yopilganidan 13 yil o‘tib o‘z faoliyatini qayta tikladi. Diplomatik missiya binosi tepasida amirlik bayrog‘i ko‘tarildi. Elchixonaning ochilish marosimida Qatarning Suriyadagi muvaqqat ishlar vakili Xalifa Abdulla Al Mahmud ash-Sharif ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 dekabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Damashqda Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhi rahbari Ahmad ash-Sharo (Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan mashhur) bilan uchrashgandi. Bu bilan Xoqon Fidan Suriyaning yangi rahbariyati bilan uchrashgan Tashqi ishlar vaziri darajasidagi birinchi xorijiy rasmiy shaxs bo‘ldi. Bungacha BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Tom Fletcher, Britaniya vakili Enn Snou va Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel ham Damashqda Jo‘loniy bilan uchrashgan.