Qatar o‘limga hukm qilingan hindistonliklarning jazosini yengillashtirdi
Olam
−
28 dekabr 2023 8497 2 daqiqa
Qatar sudi sakkiz nafar hindistonlikning o‘lim jazosiga hukm qilingani bo‘yicha shikoyat arizasini ko‘rib chiqdi va jazoni yengillashtirishga qaror qildi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qatar apellyatsiya sudi “ularning jazosini yengillashtirgan”.
"Batafsil qaror kutilmoqda. Biz keyingi qadamlar haqida bir fikrga kelish uchun yuridik guruh, shuningdek, mahkumlarning oila a’zolari bilan yaqin aloqadamiz", deyiladi TIV bayonotida.
Vazirlik o‘z fuqarolarini barcha zarur konsullik va yuridik yordamini ko‘rsatishda davom etishiga ishontirgan.
“Jarayonning maxfiyligi va nozikligi sababli, ushbu bosqichda bu masala bo‘yicha boshqa izoh berish o‘rinsiz bo‘ladi”, deya xulosa qilgan TIV.
Ma’lumot uchun, 2022 yil avgust oyida bir guruh Hindiston fuqarolari Isroil foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, Qatarda hibsga olingandi. Ularning barchasi Hindiston harbiy-dengiz kuchlarining sobiq xodimlari, jumladan, ilgari hind harbiy kemalariga qo‘mondonlik qilgan yuqori martabali zobitlardir. Hibsga olinishidan oldin ular Qatarlik harbiy xizmatchilarni o‘qitish va boshqa tegishli xizmat ko‘rsatuvchi Dahra Global Technologies and Consultancy Services xususiy kompaniyasida ishlagan. “India Today” jurnaliga ko‘ra, Hindiston dengiz floti zobitlari Qatarning suvosti kemalari dasturiga jalb qilingan. Qatar tomoni hindistonliklarni mazkur dastur haqidagi ma’lumotni Isroilga yetkazishda ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi oxirida Qatar birinchi instansiya sudi hindistonliklarni o‘limga hukm qilgandi. O‘shanda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi sud qaroridan hayratda qolganini bildirgan. Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar Hindiston Qatarda o‘lim jazosiga hukm qilingan sakkiz nafar fuqarosini ozod qilishga intilayotganini bildirgan. O‘tgan oyda Qatar bu ish bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldi.
Live
Barchasi