Qatar Bosh vaziri vositachilik uchun Tehronga boradi
Olam
−
08:30 788 3 daqiqa
Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bugun, 27 avgust kuni Eron poytaxti Tehronga borib, AQSH va Eron o‘rtasida diplomatik muloqotni qayta tiklash bo‘yicha vositachilik sa’y-harakatlarini muhokama qiladi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Qatar AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchisi va Eronning qo‘shnisi bo‘lib, urush boshlanganidan beri ikki tomon o‘rtasida yashirin diplomatik kanal sifatida ishtirok etib kelmoqda. Mamlakat iyun oyida jangovar harakatlarni qisqa muddatga to‘xtatishga olib kelgan kelishuvga erishishda ham muhim rol o‘ynagan.
Bosh vazirning tashrifi urush oltinchi oyga yaqinlashayotgan, biroq diplomatik kelishuv bo‘yicha sezilarli natija kuzatilmayotgan bir paytga to‘g‘ri kelyapti. Ayni vaqtda janglar asosan to‘xtagan bo‘lsa-da, tomonlar neft ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat masalasida kelisha olmayapti.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning aytishicha, Shayx Muhammad Tehronda Qatarning vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirish va mintaqadagi boshqa voqealarni muhokama qiladi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa muzokaralarda Hormuz bo‘g‘ozida erkin harakatlanishni tiklash va 28 fevralgacha bo‘lgan holatga qaytish masalalari ham ko‘tarilishini bildirgan.
Hormuz bo‘g‘ozi orqali urushdan oldin dunyo neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tar edi. Biroq urush boshlanganidan keyin bo‘g‘oz orqali neft oqimi keskin kamaygan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 24 avgust kuni bo‘g‘ozdan kuniga taxminan 5 million barrel neft o‘tgan, urushdan oldin esa bu ko‘rsatkich 20 million barrel atrofida bo‘lgan.
Eron Islom Inqilobi qo‘riqchilari korpusi kecha, 26 avgust kuni Eron va Ummon Hormuz bo‘g‘ozini hamda undan olinadigan daromadlarni taqsimlash bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Biroq Eronning yuqori martabali amaldori kelishuv hali yakuniga yetmagani va uning tafsilotlari bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini bildirgan.
Eron tomoni bo‘g‘oz ustidan nazoratni muzokaralarda bosim vositasi sifatida saqlab kelmoqda. Tehron, shuningdek, bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalardan komissiya undirishni rejalashtirgan, AQSH esa bunga qarshi chiqqan.
Eron va Ummon bir necha haftadan beri bo‘g‘oz orqali harakatni nazorat qilish masalasida davriy muzokaralar o‘tkazmoqda. Tehron va Vashington esa strategik suv yo‘li ustidan nazoratni ta’minlash uchun alohida blokadalar joriy qilgan.
Qatar Bosh vazirining tashrifi oldidan Qatar Tashqi ishlar vazirligi Hormuzdagi keskinlikni pasaytirish va muloqot uchun zarur sharoitlarni yaratish yo‘llarini ham muhokama qilish rejalashtirilayotganini bildirgan.
BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevraldan beri Hormuz bo‘g‘ozida 70 ta hodisa qayd etilgan va ular oqibatida 19 nafar dengizchi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvaloq Eron va Ummon ikki sohilbo‘yi davlati sifatida qariyb uch oydan beri xavfsiz dengiz yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha jadal muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi