Qashshoq mamlakatlar uchun yordam to‘xtatildi. Tramp yangi qonun imzoladi

Olam

image

Joriy yilning 24 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp xorijiy yordam va ommaviy axborot vositalariga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqdagi qonun Oq uy saytida e’lon qilindi.

Jami 9 milliard dollarlik qisqartirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 8 milliard dollari AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali epidemiyalar, mojarolar va tabiiy ofatlardan jabrlangan xorijiy mamlakatlarga ko‘rsatiladigan yordam dasturlaridan olib tashlanadi.

USAID agentligi tugatilganidan so‘ng, uning ba’zi funksiyalari Davlat departamentiga o‘tkazilgan.

1,1 milliard dollar esa AQSH Ommaviy teleradioeshittirish korporatsiyasiga ajratilgan mablag‘lardan olib qo‘yiladi. Bu tashkilot NPR va PBS kabi axborot vositalarini hamda 1500 dan ortiq mahalliy radiostansiya va telekanallarni moliyalashtirib kelayotgan edi.

Qonun loyihasi Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilib, Kongress tomonidan qabul qilingan. Garchi barcha demokratlar unga qarshi ovoz bergan bo‘lsa-da, respublikachilarning ikki palatadagi ko‘pchiligi hujjatni muvaffaqiyatli qabul qilish imkonini bergan.

Ayrim kongressmenlar, jumladan ikki nafar respublikachi senator ushbu qadam Kongressning byudjetni taqsimlashdagi konstitutsion vakolatlarini yetarlicha hisobga olmayotganini ta’kidlagan. AQSHda avval ajratilgan mablag‘larni qaytarish amaliyoti bir necha o‘n yillardan buyon qo‘llanilmagan.

Oq uy ma’muriyati bu qarorni muhim pretsedent sifatida baholagan va yaqin kunlarda shunga o‘xshash yangi moliyaviy paketlar ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

Qonun loyihasining qabul qilinish jarayoni va qisqartirilayotgan moddalar tanqidlarga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasidagi global dasturlarning qisqartirilishi keskin bahslarga sabab bo‘lgan. Ba’zi senatorlarning talabidan so‘ng, 2003 yilda Bush ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan OITSga qarshi xalqaro tashabbus – PEPFAR dasturi hujjatdan chiqarib tashlangan. Bu esa qisqartirish miqdorini 9,4 milliard dollardan 9 milliardga tushirishga imkon bergan.

Tashqi yordam qisqartirilishi bo‘yicha demokratlar AQSHning xalqaro nufuziga ta’sir etishi, qashshoq mamlakatlarda og‘ir oqibatlarga olib kelishi va Xitoyning ta’sirini oshirishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Reuters” agentligining yozishicha, qisqartirilayotgan 9 mlrd dollar 2025 yilgi umumiy AQSH federal byudjeti (6,8 trln dollar)ning juda kichik qismini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, AQSH Davlat departamenti joriy yil mart oyining oxirida USAIDʼning 2025 yil 1 iyuldan boshlab tugatilishi haqida Kongressga rasmiy bildirishnoma yuborgan edi. Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) USAID xodimlariga yuborgan xabarda qonun bilan mustahkamlanmagan barcha lavozimlar tugatilishi, agentlik xodimlariga esa iyul-sentyabr oylarida iste’foga chiqish taklifi bilan xatlar yuborilishi ma’lum qilingan.

Tramp Prezidentlik lavozimiga kirishgan kunning o‘zidayoq – joriy yil 20 yanvarda USAID orqali xorijiy mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan yordamni 90 kun muddatga muzlatib qo‘ygandi. Bu vaqt mobaynida agentlik dasturlarining “Amerika qadriyatlari” va AQSH tashqi siyosatiga muvofiqligi tekshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp USAID DOGE

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing