AQSH USAID dasturlarini butunlay yopdi

Olam

image

Joriy yilning 1 iyul kuni AQSH ma’muriyati Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) rasmiy ravishda yopganini e’lon qildi. Bu haqda rasmiy bayonot berildi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, bu qaror agentlik faoliyatining samarasizligi va amaldagi Prezident Donald Tramp ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlari milliy manfaatlarga yo‘naltirilgani bilan izohlanmoqda.

Rubioning bayonotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati USAID’ning minglab dasturlariga ajratilgan mablag‘larni tahlil qilgan va agentlik mavjud bo‘lgan o‘n yilliklar davomida inflyatsiyani hisobga olgan holda 715 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflaganini aniqlagan.

“Shunga qaramay, qo‘yilgan rivojlanish maqsadlariga erishilmagani yaqqol ko‘rinmoqda”, deydi Rubio.

Shuningdek, Rubio USAID orqali eng ko‘p yordam olgan mamlakatlarni AQSH bilan o‘zaro hamkorlikdan bosh tortganlikda ayblagan. Unga ko‘ra, 1991 yildan beri 165 milliard dollar olgan Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika davlatlari BMTda AQSH uchun muhim bo‘lgan rezolyutsiyalar bo‘yicha atigi 29 foiz holatda Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlagan.

“Bu – hukumat tomonidan ruxsat etilgan samarasizlik davrining yakuni”, deydi u.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, USAID’ning ayrim funksiyalari endi AQSH Davlat departamentiga o‘tkaziladi. Departament bu vazifalarni “ko‘proq javobgarlik, strategiya va samaradorlik bilan” bajara boshlaydi. Yangi model “yordam o‘rniga savdo” tamoyiliga asoslanadi. 

“Rivojlanayotgan mamlakatlar o‘zining o‘sishiga turtki bo‘ladigan sarmoyalarni afzal ko‘radi, o‘n yillab davom etadigan homiylikni emas”, deydi u.

Kelgusidagi yordam esa maqsadli va muddatli bo‘ladi. AQSH resurslarni o‘ziga yordam berishga qobiliyati va istagi bor mamlakatlarga, hamda ko‘p yo‘nalishda foyda keltiruvchi sohalarga yo‘naltiradi.

Qayd etish joiz, AQSH Davlat departamenti joriy yil mart oyining oxirida USAID ning 2025 yil 1 iyuldan boshlab tugatilishi haqida Kongressga rasmiy bildirishnoma yuborgan edi. Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) USAID xodimlariga yuborgan xabarda qonun bilan mustahkamlanmagan barcha lavozimlar tugatilishi, agentlik xodimlariga esa iyul-sentyabr oylarida iste’foga chiqish taklifi bilan xatlar yuborilishi ma’lum qilingan.

Tramp Prezidentlik lavozimiga kirishgan kunning o‘zidayoq – joriy yil 20 yanvarda USAID orqali xorijiy mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan yordamni 90 kun muddatga muzlatib qo‘ygandi. Bu vaqt mobaynida agentlik dasturlarining “Amerika qadriyatlari” va AQSH tashqi siyosatiga muvofiqligi tekshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq USAID tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlarning moliyalashtirilishini keskin qisqartirish 2030 yilgacha dunyo bo‘ylab 14 million kishining hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

USAID Xalqaro taraqqiyot agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing