Qashqadaryodagi tug‘ruqxonada homilador ayollar yo‘laklarga yotqizilgani rostmi? SSV ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Bir necha kun oldin bir qancha ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqqa tayyorlash bo‘limida ahvol achinarli ekani, ayollar va bolalar shifoxona yo‘laklarida yotib davolanayotgani aks etgan material va suratlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi.

“Bugungi kunda Nishon tumanida istiqomat qilayotgan qirq ming nafardan ziyod fertil yoshdagi ayollarga hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari orqali tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatilmoqda.Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida esa tug‘ruq majmuasi, ginekologiya va homiladorlar patologiyasi bo‘limlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.Bundan tashqari, Talimarjon shifoxonasida ham bu maqsadlar uchun sakkizta o‘rin ajratilgan.

“Vaziyat o‘rganilganda, tuman tug‘ruq bo‘limi, homiladorlar patologiyasi va ginekologiya bo‘limlarida yo‘lakda yotib davolanayotgan bemorlar aniqlanmadi. Biroq, yuqoridagi holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar jarayonida haqiqatan ham 11 iyun kuni bemorlar bo‘limdagi o‘rinlariga joylashguniga qadar o‘zlari va yaqin qarindoshlari yerga joy to‘shab yotib olgani ma’lum bo‘ldi”, deydi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Shavkat Amirov.

Bunday jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygani, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va bo‘limda nazoratni susaytirgani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari M.Xalilova, Tug‘ruq majmuasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Sazanbayeva vazifasidan ozod etildi. Homiladorlar patologiyasi bo‘limi vrachi B.Esanovaga esa intizomiy jazo qo‘llanilib, o‘rtacha ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Shifoxonada qat’iy nazorat o‘rnatmagani, bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmagani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Yo.Shonazarov ogohlantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida kelgusida bunday muammolar kelib chiqmasligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Nishon tumani Tuman tibbiyot birlashmasi

Baholaganlar

24

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing