Qashqadaryodagi qishloqqa borib qolgan ayiq otib o‘ldirildi. Bunga kim buyruq berdi? (video)
Jamiyat
−
06 aprel 2023
14309Shu yilning 5 aprel kuni Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida aholi yashash hududiga borib qolgan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq o‘sha kuni tunda otib o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayiqni otishga tuman hokimi buyruq bergani haqida xabarlar tarqaldi. Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 5 aprel kuni soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagan.
Ayiq jarlikdan tepaga chiqishga uringan paytda Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A.B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovchi D.A.ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan.
“Toshkent hayvonot bog‘i vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud bo‘lgan edi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, mazkur holat o‘rganilishi davom etmoqda. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan va buning oqibatida qo‘ng‘ir ayiqning o‘limiga sabab bo‘lgan mas’ullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari ko‘riladi.
Shuningdek, vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayiqning terisi shilib olingani haqidagi foto va xabarlar haqiqatga zid ekanini ma’lum qildi. Ayni damda ushbu holat yuzasidan ham o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi