Qashqadaryoda o‘rmon qo‘riqchisining o‘zi 17 tup archaga shikast yetkazdi
Jamiyat
−
22 avgust 2023
3774Qashqadaryoda o‘rmon qo‘riqchisi 6 tup archani tag qismidan, 11 tasini esa yon shoxlarini kesib tashladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Dehqonobod tuman inspeksiyasi xodimlari tomonidan navbatdagi ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi “Kon” o‘rmon bo‘limining Suvlisoy massivi hududida tabiiy holda o‘sib turgan 6 tup Zarafshon archasi tag qismidan, 11 tup archaning esa yon shoxlari kesib tashlangani aniqlangan.
Holat yuzasidan o‘rmon qo‘riqchisi R.J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3,3 million so‘m jarima qo‘llangan.
Ammo tabiatga yetkazilgan zararning umumiy miqdori 18 million 84 ming so‘mga teng. Shu sabab zararni undirish maqsadida hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligiga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida o‘tayotgan videoselektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan rahbarlarni tanqid qilgan edi. Shuningdek, davlat rahbari deputatlar tomonidan taqdim qilingan daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdorini oshirishni ko‘zda tutuvchi qonnuni rad etgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi