Qashqadaryoda o‘quvchilar paxta terimiga jalb etildi. Vazirlik mujmal javob berdi
Jamiyat
−
22 Sentabr 2023
14394Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilish holati kuzatilayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi 7-, 38-, 48-va 54-sonli maktablarda monitoring tarzida tekshirish o‘tkazgan.
Unga ko‘ra, fotosuratlarda ko‘rsatilgan maktab Qarshi tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli emasligi, bunday ko‘rinishdagi maktab tumanda mavjud emasligi, suratlarda aks ettirilgan voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi yuqorida keltirilgan ta’lim maskanlarida o‘qimasligi aniqlangan.
“Shu boisdan ushbu postda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi”, deyiladi munosabatda.
Suratlarda bolalarning paxta dalasida ekanini aniq ko‘rish mumkin. Xo‘sh, unda tarqalgan tasvirlardagi bolalar kimlar va ular aynan qaysi maktablarda o‘qiydi? Qarshi tumani mas’ullari bo‘ynidan soqit bo‘lgan holat boshqa hududda davom etmayotganligiga oydinlik kiritilmagan.
Shuningdek, vazirlik munosabatida maktab o‘quvchisi emasligi aytilgan bolaning shaxsi sifatsiz rasm orqali qaysi yo‘l bilan aniqlangani keltirilmagan.
Tegishli tashkilotlardan holat yuzasidan aniq va batafsil munosabat kutib qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, unda O‘zbekiston xalqi paxta qulligidan butkul ozod bo‘lganini qayd etgan edi.
LiveBarchasi