Qashqadaryoda o‘g‘lini himoya qilgan ota janjal qurboni bo‘ldi
Jamiyat
−
25 dekabr 2020
38932Joriy yilning 22 noyabr kuni soat 16:00 da Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yuz bergan janjal oqibatida o‘g‘lini himoya qilishga uringan ota halok bo‘ldi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Husniddin R. Koson tumani “Paxtazor” MFYda joylashgan oziq-ovqat mahsulotlari bozorchasi yonida, fuqaro 24 yoshli Mirolim B.ni ko‘rib qolib, o‘rtalarida bo‘lgan o‘zaro adovat sababli, unga qasddan tan jarohati yetkazib, undan qasd olish maqsadida ushbu janjalga akalari 22 yoshli Ruxiddin R., Ozodbek R. va boshqalarni jalb qilgan.
Bundan xabar topgan, Mirolim B. o‘zining yaqin qarindoshlarini yordamga chaqirgan. Unga biron-bir ziyon yetmasligi uchun hodisa joyiga uning otasi 57 yoshli Maxmud M., akasi 27 yoshli Mirjalol B. va pochchasi 35 yoshli Jamshid M. hodisa joyiga yetib kelib, janjalning oldini olishga uringan.
Husniddin R., Ruxiddin R., Ozodbek R. va boshqalar bir guruh bo‘lib, sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib, o‘z fuqarolik burchini bajarib, yaqin qarindoshi bo‘lgan Mirolim B.ni himoya qilib, janjalni oldini olmoqchi bo‘lgan fuqaro Maxmud M., shuningdek uning o‘g‘illari Mirjalol B., Mirolim B., va Jamshid M.ning turli joylariga qasddan urib, turli darajada tan jarohatlar yetkazishgan.
Oqibatda Maxmud M., Mirjalol B., Mirolim B. va Jamshid M. turli darajadagi tan jarohatlari bilan Koson tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, 8 dekabr kuni Husniddin R., Ozodbek R. va Ruxiddin R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b,k,l” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, Husniddin R., Ozodbek R.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi, fuqaro Ruxiddin R.ga nisbatan esa “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, fuqaro Maxmud M. olgan tan jarohati tufayli joriy yilning 11 dekabr kuni shifoxonada vafot etgan.
Jinoyat ishi esa JKning 104-moddasi 2-qismi “b,k,l” bandlaridan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.