Qashqadaryoda uchastka noziri shaxsiy mashinasiga nega sirena qo‘yib olgan edi?
Jamiyat
−
11 may 2020
19627Joriy yilning 11 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda uchastka noziri o‘z mashinasida taqiqlangan migalka va sirena jihozlarini o‘rnatgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlarga uchastka nozirining Matiz rusumli transport vositasi surati ham ilova qilingan. Qashqadaryo viloyati IIB mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tuman (voqea shu tumanda kuzatilgan –tahr) hududining asosiy qismi cho‘ldan iborat bo‘lib, hududlarda aholi tarqoq joylashgan. Shuningdek, 80 foiz xonadonlarning hovlisi devor bilan o‘ralmagan. Aholining asosiy daromad manbai chorvachilik bo‘lib, chorva mollarini ochiq hovlilarda va dalalarda saqlab keladi.
Ta’kidlanishicha, tuman markazi, ya’ni Yangi Mirishkor shaharchasida savdo do‘konlari va choyxonalar ko‘pligi, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining shtatlari qisqarib ketganligi sababli TIIB boshlig‘i tomonidan barcha profilaktika (katta) inspektorlariga boshqaruvidagi avtomashinalariga serena va megalka o‘rnatib, tungi xizmatni samarali olib borishlari bo‘yicha topshiriq berilgan.
Shu bilan birga, ayni vaqtda karantin holatida ish olib borilayotganligi tufayli barcha tuman IIB HPB TP profilaktika (katta) inspektorlariga fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turli huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni oldini olish hamda profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida xodimlarning mashinalariga mazkur jihozlar o‘rnatilgan.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar mavjud emas. Shu sabab viloyat Navoiy va Jizzax viloyatlari qatorida “yashil hudud”ga kiritildi.