Qashqadaryoda shifokor 500 ming pora uchun 5 yilga “kesildi”

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari  fuqarodan 500 ming so‘m miqdorida pora olgani uchun 5 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, E. Bozorov 2017 yil sentyabr oyidan Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tumandagi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron, deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan. 

U o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tamagirlik yo‘li bilan Kasbi tumani Nazartepa qishlog‘ida yashovchi M. Yarmatovaning 2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘li S. M. ni nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qiladi. Buning evaziga esa fuqarodan 600 000 so‘m miqdorida pul mablag‘ini talab qilgan. 

O‘tgan yilning 5 avgust kuni M. Yarmatovaning arizasi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir chog‘ida E. Bozorov o‘zining xizmat xonasida M. Yarmatovadan kelishilgan pul mablag‘ining 500 000 so‘mini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining 2021 yil 20 dekabrdagi hukmiga asosan E. Bozorov Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish) 2-qismining “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan. 

Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ushbu Kodeksning 45-moddasiga muvofiq 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

pora

Baholaganlar

354

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing