Qashqadaryoda MIB xodimlarini kaltaklagan erkak qamaldi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida Majburiy ijro byurosi xodimiga qarshilik ko‘rsatgan fuqaro 6 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda MIB Qashqalaryo viloyati boshqarmasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, MIB Chiroqchi tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari va 3 nafar davlat ijrochisi o‘tgan yil 28 oktyabrda Fuqaroli ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining ijro varaqasiga asosan da’vogar A.Cho‘lliyevning foydasiga 113 mln 330 ming qarzdorlikni undirish maqsadida javobgar A.Mardonovning yashash uyiga borgan. Qarzdorlikni undirish maqsadida uning hovlisida turgan bir bosh otni xatlamoqchi bo‘lishganida, qarzdor A.Mardonovning akasi J.Mardonov xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan. Fuqaro ularni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, dastlab davlat ijrochisi  M.Xurramovni, so‘ngra ularni ajratish maqsadida kelgan davlat ijrochisi U.Xidirovni urib, tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Joriy yilning 14 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi J.Mardonov o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan qattiq pushaymonligini, kelgusida bunday jinoyatga qo‘l urmasligini, oilaviy va moddiy sharoiti og‘ir ekanligini bildirib, o‘ziga nisbatan yengillik berilishini so‘ragan. 

Sudning shu kundagi hukmiga ko‘ra, J.Mardonov Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

MIB

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing