Qashqadaryoda mast haydovchi ichki ishlar xodimini pichoqladi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida Lacetti avtomobili haydovchisi mast holatda Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ hodisaga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa kecha, 8 iyul kuni soat taxminan 19:00 atrofida sodir bo‘lgan. Ko‘kdala tumani IIB tezkor xodimi tumanning Toqchi qishlog‘i hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida Lacetti avtomashinasi yuqori tezlikda harakat ishtirokchilariga xavf solgan holda harakatlanib ketayotganini aniqlab, chora ko‘rish maqsadida zudlik bilan tuman YHXBga xabar bergan.

Shu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan tuman IIB YHXB inspektori, katta serjant Elbek Primov tomonidan mazkur transport vositasi to‘xtatilib, tekshirish jarayonida haydovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro S.B. mast ekanligi ayon bo‘lishi bilan, u transport vositasidan tushib qochishga uringan. Haydovchi ta’qib qilgan inspektor bilan olishib, yonida bo‘lgan o‘tkir tig‘li jism (oshxona pichog‘i) bilan bir necha bor urib, jarohat yetkazgan hamda voqea joyidan yashiringan.

Qorin old qismiga va chap qo‘l tirsagiga yetkazilgan og‘ir jarohatlar tufayli katta serjant Elbek Primov ko‘p qon yo‘qotgan. Tibbiyot bo‘limiga yetkazilgan Primov ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.

Amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat sodir etgan fuqaro Ko‘kdala tumani hududida hibsga olingan.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi va 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Ko‘kdala tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Shuningdek, xizmat burchini bajarish vaqtida xalok bo‘lgan xodimning oilasi va yaqinlariga ko‘mak berish hamda vafot etgan xodimning ijtimoiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo inspektor mast haydovchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made