Qashqadaryoda qum o‘g‘rilari ushlandi
3-sahifa
−
25 mart
8997Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qum xomashyosini noqonuniy qazib olayotgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda bugun, 25 mart kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va G‘uzor tuman bo‘limi tomonidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda "Xavfsiz daryo" boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Unga ko‘ra, fuqaro R.Q. va boshqalar noqonuniy daromad orttirish maqsadida “Qashqadaryo" daryosining G‘uzor va Qarshi tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi qismining muhofaza zonasi hisoblangan yer maydonlaridan texnikalar yordamida o‘zboshimchalik bilan 9,5 ming kub hajmdagi qum xomashyosini qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 948,6 mln so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan 10 kun avval, 15 mart kuni ham Qashqadaryoda qum mahsulotlarini noqonuniy qazib, tabiatga 19 mlrd 433 mln 914 ming 337 so‘m zarar yetkazganlar aniqlangan edi.