Meksikada “Betmen” paydo bo‘ldi: u o‘g‘rilarni ustunga bog‘lab ketyapti (video)
Olam
−
29 iyun 2486 3 daqiqa
Meksikaning Xalisko shtatida politsiya ijtimoiy tarmoqlarda “Meksikalik Betmen” deb nom olgan noma’lum shaxsni qidirmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, niqobli shaxs mototsikl o‘g‘riligida gumon qilinayotganlarni kuzatib borib, ularni kaltaklamoqda va skotch bilan ko‘cha ustunlariga bog‘lab ketmoqda. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu g‘ayrioddiy voqea Lagos-de-Moreno munitsipalitetida sodir bo‘lmoqda. Dastlabki holatlar joriy yil 13 iyunda qayd etilgan bo‘lsa, keyingi o‘n kun ichida politsiya yana kamida beshta shunga o‘xshash voqeani ro‘yxatga olgan.
Barcha holatlarda erkaklar mustahkam skotch bilan chiroq ustunlariga bog‘lab tashlangan holda topilgan. Ularning yonida o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilinayotgan mototsikllar ham qoldirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, ayrim qo‘lga olinganlarning yuziga mo‘ylov va mushuk tuklari chizib qo‘yilgan, peshonasiga esa ispan tilidan tarjima qilinganda “o‘g‘ri” ma’nosini anglatuvchi “ratero” so‘zi yozilgan. Holatlardan birida ikki erkak to‘q pushti rangli yo‘l belgisi ostiga orqasi bilan bir-biriga bog‘lab ketilgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxs faqat tunda harakat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ustunga bog‘langanlar ko‘pchilik tomonidan jinoyatchi deb atalayotgan bo‘lsa-da, politsiya ularni birinchi navbatda hujum qurbonlari (jabrlanuvchilar) sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Xalisko shtati jamoat xavfsizligi kotibi Xuan Pablo Ernandesning ma’lum qilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari ushbu hodisalarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkita avtomobilni aniqlashga ulgurgan.
“Biz ushbu hujumlarga aloqador shaxsni faol ravishda qidirmoqdamiz”, deydi Xuan Pablo Ernandes.
Shuningdek, tergov ushbu ishlarni bir kishi amalga oshiryaptimi yoki bu yerda butun bir guruh harakat qilyaptimi, degan masalaga aniqlik kiritmoqda.
Erkaklar topilganidan keyin politsiyachilar tomonidan ozod qilingan. Olgan jarohatlari tufayli ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, rasmiylar hozircha jabrlanuvchilarning o‘zlariga nisbatan mototsikl o‘g‘riligi gumoni bo‘yicha alohida tergov olib borilayotgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.
Ushbu g‘ayrioddiy holatlar seriyasi Lagos-de-Morenoda mototsikl o‘g‘riligi ko‘paygan bir paytda yuz bergan. Bu esa mahalliy aholi o‘rtasida norozilikni oshirib, mavzuning internetda keng muhokama qilinishiga sabab bo‘lgan.
Video va fotosuratlar TikTok, X va Instagram’da tez tarqalmoqda. Ko‘plab tarmoq foydalanuvchilari noma’lum shaxsning harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, u tizim jinoyatchilikka qarshi kurasha olmay qolgan joyda adolat o‘rnatmoqda, deb hisoblamoqda.
Biroq bu ishni tanqid qilganlar ham topilgan. Inson huquqlari himoyachilari o‘zboshimchalik bilan sud qilish (samosud) zo‘ravonlikning yanada avj olishiga olib kelishi va jabrlanganlar haqiqatan ham jinoyat sodir etgan bo‘lishidan qat’i nazar, adliya tizimi obro‘siga putur yetkazishidan ogohlantirmoqda.
Hozirgi vaqtda politsiya tergov harakatlarini davom ettirmoqda va voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlamoqda.
Ma’lumot uchun, Betmen – dunyodagi eng mashhur va sevimli superqahramonlardan biri bo‘lib, u ilk bor 1939 yilda AQSHning DC Comics nashriyoti komikslarida paydo bo‘lgan. Uning obrazi rassom Bob Keyn va yozuvchi Bill Finger tomonidan yaratilgan.
Erta yetim qolgan va ulkan boylik vorisiga aylangan milliarder Bryus Ueyn ushbu niqob ortiga yashirinadi. Bolaligida ota-onasi jinoyatchilar qo‘lida halok bo‘lganiga guvoh bo‘lgan Bryus butun hayotini jinoyatchilikka qarshi kurashishga bag‘ishlaydi. U o‘zi yashaydigan, jinoyat botqog‘iga botgan xayoliy Gotem shahrini himoya qilish uchun ko‘rshapalak timsolidan foydalanib, “Betmen” obraziga kiradi.
Live
Barchasi