Qashqadaryoda fermerlarga chirigan kartoshka urug‘ligini sotgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “EGOIST AST” MCHJ tomonidan chirigan kartoshka urug‘liklari sotilayotganligi fermerlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi PQ-4704-sonli qaroriga muvofiq Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida kartoshka ekilishi belgilanib, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi 656 nafar fermer xo‘jaliklariga “EGOIST AST” MCHJ tomonidan 44,8 mlrd so‘mlik 6400 tonna kartoshka urug‘ligini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Shartnomalarga asosan, 656 nafar fermer xo‘jaliklariga ajratilgan 23,6 mlrd. so‘m pul kredit mablag‘lari “EGOIST AST” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazilgan.

O‘rganishda, “EGOIST AST” MCHJ tomonidan Rossiyaning “Alteks” MCHJdan olib kelingan 498 tonna kartoshka urug‘ligidan 394 tonnasi yaroqsiz deb topilganligi, 104 tonnasiga muvofiqlik sertifikati berilganligi va 60 tonna “Udacha” navli kartoshka urug‘ligini O‘zbekiston hududida ekish belgilanmaganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, mahalliy “Samgold” MCHJdan xarid qilingan 500 tonna kartoshka urug‘ligining sifat sertifikatlari mavjud emasligi, ushbu pul mablag‘laridan 600 mln so‘mi transport xizmatini ko‘rsatish litsenziyasiga ega bo‘lmagan “HAMROX ASIL YUKSALISH” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berilib, pul mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 06.07.2020 yilda “EGOIST AST” MCHJ rahbari A.Safarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo fermer kartoshka urug'ligi

Baholaganlar

225

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing