Qashqadaryoda bemorning o‘g‘li shifokorni kaltakladi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2022 6670 1 daqiqa
Joriy yilning 14 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida bemorning o‘g‘li shifokorni kaltakladi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
14 oktyabr kuni kechqurun tuman tibbiyot birlashmasiga 1970 yilda tug‘ilgan bemor D.O. olib kelingan. Unga gipertoniya tashxisi qo‘yilib, tezkor tibbiy yordamga kirishilgan. Soat 21:00 lar atrofida davo muolajalari davom etayotgan paytda jarayonga xalaqit berayotgan bemorning 25 yoshlar atrofidagi o‘g‘li va shifokor To‘lqin Hamroyev o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Oqibatda bemorning o‘g‘li shifokorga musht ko‘targan.
To‘lqin Hamroyev “kalla va bosh miya shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, burun suyagining ochiq sinishi, burun asosi ezilib, yirtilgan jarohati, yuqori jag‘ o‘ngdan qoziq tishning travmatik sinishi, ikkala qovoq- burun asosi gematomalari” tashxisi bilan travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan.
Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Boshqarma boshlig‘i Bobur Teshayevga ko‘ra, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi, mushtumzo‘r fuqaro qonuniy jazosini olishi uchun barcha choralar ko‘rilyapti.
Qayd etish kerakki, bu tibbiyot xodimlarining kaltaklanishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Bundan oldin Toshkentning Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangandi.
Live
Barchasi