Qashqadaryoda ayol prokuratura oldida o‘zini yoqib yubordi
Jamiyat
−
20 fevral 2020
13985Joriy yil 19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyat prokuraturasi oldida ayol kishi o‘zini yoqib yuborgani, uni qutqarmoqchi bo‘lgan otasi kuyish tan jarohati olgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi.
Bosh prokuratura Matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi. Unda qayd etilishicha, kuyganligi e’tirof etilayotgan fuqaro O.M. va uning oila a’zolari Koson tumanidagi MCHJga qarashli yer maydonining bir qismini biron-bir hujjatsiz egallab, noqonuniy qurilish amalga oshirishgan.
Da’vogar MCHJ raisi S.B. javobgar O.M.ni oila a’zolari bilan jamiyatga qarashli yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmalarni javobgarlar hisobidan buzdirish va tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilgan.
Fuqaro O.M. va uning oila a’zolari sud tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishini kutmasdan ushbu holat bo‘yicha viloyat prokuraturasiga murojaat qilishgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan O.M.ga ish fuqarolik sudida hal etilayotgani, barcha vajlariga sud muhokamasi jarayonida baho berilishi haqida qonuniy tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, 2020 yil 18 fevral kuni ham O.M. oila a’zolari bilan birga viloyat prokuraturasida Koson tumani hokimi ishtirokida qabul qilinganda qurilishga 20 mln. so‘m sarflanganligini iddao qilishgan. Tuman hokimi tomonidan ularga qurilish noqonuniyligi va buzilishini, ammo kelgusida qonuniy yer uchastkasi ajratilishi va qurilishga homiylik yordami ko‘rsatilishi tushuntirilgan bo‘lsa-da, bu taklifni rad etishgan.
Shundan keyin, O.M. va uning oila a’zolari, nizoli uyda 19 fevral kuni ertalab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudya, ekspert va mutaxassislar tomonidan o‘lchov ishlari amalga oshirilayotganligidan norozi bo‘lib, viloyat prokuraturasiga soat 10:30larda kelib, ishni o‘z foydasiga hal etish maqsadini ko‘zlab, viloyat prokuraturasi binosi yaqinida ustiga qisman yoqilg‘i sepib, provokatsion harakatlar sodir etishgan.
RSHTYOIM viloyat filialining 19 fevral kungi ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro O.M.ning yelka va bo‘yin sohasida 5-6 foiz yengil kuyish jarohati aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.