Qashqadaryoda 8 oylik go‘dakka “uksus” ichirildi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida ehtiyotsizlik oqibatida “uksus” ichirib qo‘yilgan 8 oylik chaqaloqqa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali xodimlari sovuqqonlik bilan qarayotgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 9 sentyabr kuni soat 15:32 da shu yilning 7 fevralida tug‘ilgan I.X. ota-onasi tomonidan RSHTYOIM Qashqadaryo filiali reanimatsiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib kelingan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni soat 12 lar atrofida nazoratsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida go‘dakka suvda eritilmagan yuqori konsentratsiyali sirka kislotasi ichirilgan.

Oqibatda ahvoli og‘irlashgan go‘dak dastlab Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shifoxonasiga, so‘ng filialiga yuborilgan.

“Bemorga “Sirka kislotasidan o‘tkir zaharlanish. Og‘iz bo‘shlig‘i, lablari, halqum, hiqildoq va qizilo‘ngach shilliq qavatlarining 1-2 darajali kimyoviy kuyishi, toksik nefrit, toksik miokardit, toksik pnevmoniya” tashxisi qo‘yilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va standart bo‘yicha intensiv  davo muolajalari bajarilmoqda”, deyiladi viloyat SSB munosabatida. 

Kasallikning 2-sutkasida yuqori nafas yo‘llari kuyishi oqibatida yuqori nafas yo‘llari stenozi va shishi rivojlanib, bemorda nafas yetishmovchiligi 3-darajasi va yurak qon-tomir yetishmovchiligi oqibatida to‘satdan yurak to‘xtashi kuzatilgan. Intensiv reanimatsion choralar ko‘rilganidan so‘ng yurak urishi tiklangan va chaqaloq sun’iy nafas apparatiga o‘tkazilgan. 

“Murojaatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan shifokorlar sha’niga (masalan, “super-kontraktda o‘qigan”, qabilida) asossiz gaplar aytilgan. Vaholanki, ular ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan, oliy toifali vrachlar hisoblanadi. LOR shifokor sanitar aviatsiya yo‘nalishi orqali olib kelingan, go‘dakning ahvoli og‘irligi sababli u to‘g‘ridan-to‘g‘ri reanimatsiya bo‘limiga kelib, formasiz bo‘lsa ham shoshilinch yordam ko‘rsatishni lozim deb topgan”, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng toksikolog, reanimatolog, kombustiolog, bolalar xirurgi va boshqa mutaxassislar ishtirokida konsilium o‘tkazilgan. Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislaridan telemeditsina orqali tegishli tavsiyalar olinmoqda. 

Aytish joiz, 7 oylik chaqaloq uchun ushbu holat o‘ta og‘ir hisoblanadi. Bola organizmi hali bunday jarohatni ko‘tarishi qiyin. Hozirda vaziyat viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, go‘dakning ahvoli kasallik kechishi, yuzaga kelgan asoratlar sababli og‘irligicha qolmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat bilan chiqayotgan bemorning yaqinlaridan vaziyat nechog‘lik murakkab bo‘lmasin, ehtirosga berilmasdan holatni to‘g‘ri baholashi va qonun doirasida ish tutishlarini so‘raymiz”, deyiladi SSB xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo chaqaloq Shahrisabz uksus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing