Qashqadaryoda 14 yashar qiz 7 oy jinsiy qullikda saqlangani aytilmoqda
3-sahifa
−
25 noyabr 2023
22425Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida 14 yoshli qiz 7 oy davomida jinsiy qullikda saqlangani aytilmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilishicha, kecha, 24 noyabr kuni 2009 yilda tug‘ilgan, Kitob tumanida yashovchi Ch.T. o‘zining bir necha oydan beri tutqunlikda saqlanayotgani va turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlanayotganini aytib, Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan.
Unga ko‘ra, 14 yoshli qizni shu yilning may oyidan 15 noyabr kuniga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi N.A. o‘zining uyida 7 oy davomida majburan saqlab, zo‘rlik va tahdid orqali uni turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan.
Viloyat prokuraturasi shu kunni o‘zida hodisani o‘rgangan. Aniqlik kiritilishicha, hozirda Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan (Odam savdosi, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Jinoyat ishi Bosh prokuratura va Bolalar ombudsmanining alohida nazoratida. Bolalarga nisbatan bunday mudhish jinoyatni sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javob berishi shart", deb yozadi ombudsman.