Qashqadaryoda haydovchi YPX xodimini videoga olib, tarmoqqa joylagani uchun qamaldi (video)
3-sahifa
−
10:47 2439 1 daqiqa
Qashqadaryoda YPX xodimining xizmat faoliyatiga oid videoni ijtimoiy tarmoqda tarqatgan fuqaroga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro joriy yil iyun oyida YPX xodimining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan. Shu holat yuzasidan unga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shundan so‘ng fuqaro YPX xodimiga oid videoni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylagan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi (Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun Qarshi shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.
Sud kecha, 24 sentyabrdagi qarori bilan haydovchiga nisbatan mazkur modda asosida 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.
Sudda fuqaro qilgan ishiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan va bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda yo‘l-patrul xizmati inspektorining qo‘lini avtomobil oynasi orasida qisib, mashinani boshqarib ketgan haydovchi qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi