Qarshiliklarga qaramay qonun qabul qilindi. Jurnalistlar namoyishga chiqdi
Olam
−
03 yanvar 2022
11237Ozarbayjon parlamenti mamlakat ommaviy axborot vositalariga keng qamrovli cheklovlarni joriy etadigan yangi qonunni ko‘rib chiqmoqda. Milliy majlis deputatlari “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullagan.
Yangi qonun prezident Ilhom Aliyev yanvar oyida OAVni rivojlantirish agentligi nomli yangi tashkilot tuzib, unga ikki oy ichida OAVga oid yangi qonun loyihasini ishlab chiqish va taqdim etishni buyurganidan beri kutilayotgan edi. Biroq, qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilishidan bir necha kun oldin ba’zi axborot vositalariga sizib chiqmaguncha, qonun loyihasi haqida hech qanday yangilik bo‘lmagan.
Hujjatga binoan mamlakatda OAV ro‘yxati tuziladi, jurnalistlardan davlat ro‘yxatidan o‘tish talab qilinadi.
Poytaxt Bakuda o‘nlab jurnalistlar namoyishga chiqib, yangi qonunni qoraladi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko‘ra, politsiya bilan to‘qnashuvda kamida bir kishi jarohatlangan.
Mahalliy OAV va huquq tashkilotlariga ko‘ra, qonun Ozarbayjonda kim jurnalist deb tan olinishini hukumat belgilashiga yo‘l ochib berishi, yangi reyestr jurnalistlar haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Qonun bilan xorijda faoliyat olib borayotgan OAVning Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tmasdan xabar tarqatishi ham qiyinlashadi. Qonunda norasmiy manbalarga tayanib ma’lumot tarqatishni taqiqlovchi bandlar mavjud.
“Hujjatda ko‘plab muammolar borligini aytib, 40 tagacha moddaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildik. Afsuski, inobatga olishmadi. Hukumatning bu qadami Ozarbayjonda jurnalistika va OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilamaydi, aksincha, yomonlashtiradi”, deydi Bakuda media bo‘yicha mutaxassis Alasgar Mammadli.
“Turon” axborot agentligi direktori Mehmon Aliyevga ko‘ra, bu axborot ustidan davlat nazorati kuchaytirilayotganidan dalolat.
Iqtidordagi partiya a’zosi, qonunchi Oydin Mirzazoda esa qonun loyihasi keng muhokama etilgani, media vakillari ham unga hissa qo‘shganini ta’kidlaydi.
“Qonun OAV, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Boshqacha aytganda, qonun OAV mustaqilligi va so‘z erkinligini himoya qiladi, mediaga hech qanday cheklovlar joriy etmaydi, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda”, deydi Mirzazoda.
U yangi qonun Ozarbayjon konstitutsiyasiga zid ekani haqidagi da’volarni rad etmoqda.
“Agar qonunni konstitutsiyaga zid deb hisoblashsa, aynan qaysi bandlari zid ekanini sudga ko‘rsatishsin. Muammoning yechimi oddiy. Bir tomondan ular qonunni reaksion deyishyapti, boshqa tomondan o‘z fikrlarini ochiq aytishyapti. Ya’ni xatti-harakatlari so‘zlariga zid”, deydi Mirzazoda.
Tilga olinayotgan eng katta xavotir qonun yuqoridagilarga jurnalistikada kim ishlashi mumkinligini hal qilish vakolatini berayotganidir. “Eurasianet” nashriga ko‘ra, avval sudlanganlar akkreditatsiyadan o‘tkazilmaydi, noshirlar esa Ozarbayjon fuqarosi bo‘lishi va mamlakatda muqim yashashi shart.
Shuningdek, rasmiy guvohnomasiz muxbirlarning amaldorlarga savol bilan chiqishi, ayrim tadbirlarga kirishi qiyinlashadi. Noshirlarning Ozarbayjonda yashashi talabi repressiv muhit tufayli mamlakat tashqarisida tashkil etilgan mustaqil OAV faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
“Noaniq jumlalar va ziddiyatlarga boy bu qonun OAV ustidan nazoratni kuchaytirish va senzurani qonuniylashtirishga qaratilgan. Davlat jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga aralashib, mustaqil media va so‘z erkinligi bo‘yicha ekspertlar bilan maslahatlashmasdan ish tutib, vakolatidan chetga chiqmoqda”, deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Jan Kaveler.
Ozarbayjon matbuot erkinligi bo‘yicha global ro‘yxatda 180 davlat ichida 167-o‘rinda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning iyul oyida "Chegarabilmas muxbirlar" tashkiloti "matbuot erkinligi dushmanlari"ning ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatda butun dunyo bo‘ylab matbuot erkinligiga katta bosim o‘tkazayotgan 37 davlat rahbarlarining suratlari aks etgan.
Ro‘yxatga kiritilganlarning barchasi davlat rahbarlari yoki senzurani o‘rnatish, jurnalistlarni o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish, ularga qarshi zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish orqali ommaviy qatag‘onlarni amalga oshiradigan hukumat hisoblanadi. Ro‘yxatning birinchi o‘ntaligidan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham o‘rin olgan.
LiveBarchasi