Qarshi javob: Rossiya Germaniyaning madaniy markazlarini yopadi
Olam
−
19:20 660 2 daqiqa
Rossiya Germaniyaning mamlakatdagi Gyote institutiga qarashli madaniy markazlarini yopadi. Moskva bunday qarorni Germaniyaning Rossiyaga qarshi ko‘rgan choralariga javob sifatida qabul qilgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 3 sentyabr kuni Moskva, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgdagi Germaniyaning madaniy markazlari yopilishini ma’lum qilgan. Lavrovning aytishicha, Berlin Rossiyaning Bonndagi konsulxonasi va Berlindagi “Rus uyi” madaniy markazini yopishga qaror qilganidan keyin Moskva ham xuddi shunday chora ko‘rishga qaror qilgan.
Uning aytishicha, Germaniya Rossiyadagi “Rus uyi”ning yopilishi mamlakatning madaniy huzuriga barham berilishini anglatishini tushungan bo‘lishi kerak. Lavrov Moskva boshqa chora ko‘rganida o‘zini hurmat qilmagan bo‘lar edi, degan fikrni bildirgan.
Mazkur qaror Rossiya va Yevropa davlatlari o‘rtasida Ukraina urushi fonida kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklar davrida qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Germaniya yaqinda Leypsig/Galle aeroportida Ukraina samolyoti yaqinidan portlovchi modda bilan jihozlangan dron topilganidan keyin Moskvaga qarshi ayblovlar bildirgan. Dron joriy yilning 4 avgust kuni aniqlangan va keyin zararsizlantirilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Germaniya tomonining ayblovlarini rad etgan.
Yevropa davlatlari Rossiyani o‘z hududida Ukrainaga ko‘makni zaiflashtirish va mamlakatlarda beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan sabotaj harakatlarida ayblab kelmoqda. Moskva esa bu ayblovlarni inkor etmoqda.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari ham Leypsig/Galle aeroportidagi hodisadan keyin Rossiyaga qanday javob berish masalasini muhokama qilgan. Ular sanksiyalar, viza cheklovlari va Rossiya konsulxonalarini yopish kabi choralarni ko‘rib chiqqan.
Shuningdek, Daniya maxsus xizmatlari Rossiya tomonidan mamlakat mudofaa sanoatiga qarshi sabotaj operatsiyalari tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgan. Daniya kontrrazvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy nishonlar orasida Ukrainaga harbiy qismlar yetkazib beruvchi mudofaa korxonalari bor.
Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi keskinlik so‘nggi oylarda yanada kuchaygan. Yevropa davlatlari Moskva harakatlarini kiberhujumlar, dezinformatsiya va sabotaj kabi “gibrid urush” vositalari bilan bog‘lamoqda. Rossiya esa bunday ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Live
Barchasi