Qarshi shahar hokimligi 47 tup daraxtni kesib tashladi – Ekologiya qo‘mitasi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qarshi shahar hokimligi hech bir xat-hujjatsiz yetti turdagi 47 tup ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashladi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilning 12 aprel kuni Qarshi shahar, “Xontepa” MFY Loyihachilar ko‘chasidagi eski oziq-ovqat (Ovoshniy baza) ombori hududida har xil turdagi ko‘p yillik daraxtlar qurilish ob’ekti qurish uchun tag qismidan kesib ketilganligi aniqlangan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida o‘rganish olib borilganda bu kesishlar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasi bo‘lgan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti talablariga zid ravishda qilingani ma’lum bo‘lgan.

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ijobiy xulosasi olinmasdan Qarshi shahar hokimligi joriy yilning 25 yanvaridagi 05/01-25-sonli daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomasi asosida jami 47 tup har xil turdagi va diametrdagi, xususan: 26 tup virgin archasi, 8 tup shumtol, 2 tup oddiy o‘rik, 3 tup chinor, 1 tup qaroli, 6 tup oq tut daraxtlari tag qismidan, 1 tup qayrag‘och daraxti esa ildizi bilan qo‘porib tashlangan.

“Eng achinarlisi, bu daraxtlar Respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy etilgan moratoriy amal qilib turilgan bir paytda kesilgan”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Noqonuniy kesib ketilgan daraxtlar uchun o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan. Tabiatga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 253 mln 575 ming so‘m deb belgilanib, hujjatlar tegishli organlarga taqdim qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt Qarshi

Baholaganlar

65

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing