Qarsaklar ostidagi tashrif: Lukashenko Polsha bilan chegaraga bordi
Olam
−
26 noyabr 2021
6772Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bugun, 26 noyabr kuni Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlar joylashgan Polsha bilan chegaradagi “Bruzgi” nazorat-o‘tkazish punktidagi transport-logistika markaziga bordi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Davlat rahbari u yerda muhojirlarni joylashtirish sharoitlari, ovqatlanish, yong‘in xavfsizligi ta’minoti bilan tanishgan, oziq-ovqat hamma uchun yetarli yoki yo‘qligini so‘ragan. Muhojirlar Lukashenkoni qarsaklar bilan kutib olgan.
Belarus rahbari Minsk qochqinlarni tushunishini ta’kidlab, ularning taqdiri bilan o‘yin qilmaslikka va’da bergan.
“Biz, belaruslar, shu jumladan men ham, polyaklar, latviyaliklar va boshqalar uchun yomon bo‘lsa ham, hamma narsani siz xohlaganingizdek qilamiz”, degan Belarus Prezidenti.
Joriy yilning noyabr oyida Belarus va Polsha chegarasi yaqinida asosan kurdlardan iborat muhojirlar guruhi tuzildi, ularning soni 2 ming kishidan oshdi. Muhojirlar Polsha bilan chegarani Grodno viloyatidagi “Bruzgi” nazorat-o‘tkazish punktida buzib o‘tishga uringan, biroq urinish Polsha xavfsizlik kuchlari tomonidan maxsus texnika yordamida to‘xtatilgan. Belarus hukumati muhojirlarni joylashtirish uchun chegara posti yaqinida joylashgan transport-logistika markazini tayyorlagan.
Lukashenkoning Matbuot kotibi Natalya Eysmontga ko‘ra, Belarusda 7 mingga yaqin qochqin bor. Ayni paytda, ba’zi muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng uylariga qaytmoqda.
Xususan, noyabr oyida Iraqi Airways Iroqqa uchta evakuatsiya reyslarini amalga oshirib, ular bilan Belarus hududi orqali Yevropa Ittifoqiga kirishga uringan muhojir fuqarolarni uylariga qaytardi. Shuningdek, migrantlar yakka tartibda uylariga qaytmoqda. Shu bilan birga, savdo-logistika markazidagi qochqinlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga gumanitar koridorni kutib, o‘z vatanlariga qaytish istagini bildirmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Litva, Latviya va Polsha so‘nggi paytlarda Belarus bilan chegarada Yaqin Sharq va Afrikadan hibsga olingan noqonuniy muhojirlar sonining ko‘payishi haqida xabar berdi, Minsk migratsiya inqirozini yaratishda ayblandi. Minsk buni tan olmadi.
LiveBarchasi