“Qarib quyilmagan” Depardening sud ishiga oid yangi dalillar topildi
Madaniyat-san’at
−
12 dekabr 2023
10440Butun dunyoga “Obiliks” roli bilan tanilgan aktyor va mahoratli rejissyor Jerar Deparde aktrisalarga nisbatan jinsiy tajovuzda ayblanib, tergov qilinmoqda. Yaqinda ushbu ishga oid yangi video dalillar taqdim etildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Gap shundaki, Depardening Shimoliy Koreya tashkil topganining 70 yilligi chog‘ida mamlakatga tashrifi aks etgan videolar sudga taqdim etilgan. Ular Shimoliy Koreyada nomi oshkor etilmagan video prodyuserlik kompaniyasi tomonidan yozib olingan. Videoda rejissyorning behayo xatti-harakatlari aks etgan kadrlar ham bor. Jumladan, Deparde ayollar va 10 yoshli qizcha oldida behayo tovushlar chiqargani va uyatli mavzularda gapirayotganini ko‘rish mumkin. Bu videolar avval ommaga namoyish etilmagan. Dalillarning ba’zi parchalari tezda ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaldi.
Hujjatli filmda, shuningdek, fransuz komediyachisi Xelen Darra ham bor. U Depardeni 2008 yilda “Disko” filmini suratga olish vaqtida unga tegajog‘lik qilganlikda ayblagan. Parij prokuraturasining ma’lum qilishicha, Darra sentyabr oyida rejissyorga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovi bilan shikoyat qilgan.
Deparde esa o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda.
“Umrim davomida men provokatsion, ochiqko‘ngil, ba’zan qo‘pol bo‘lganman. Ammo hech qachon yomonlikni niyat qilmaganman. O‘zimni olomonning ko‘nglini olishga urinayotgan boladek tutganim uchun uzr so‘rayman. Lekin men zo‘ravon ham, yirtqich ham emasman”, degan u oktyabr oyida mahalliy gazetalardan birida e’lon qilgan ochiq maktubida.
Ma’lumot uchun, 74 yoshli Deparde Fransiyaning eng taniqli yulduzlaridan biridir. U aktrisa Sharlotta Arnoldning ayblovlaridan so‘ng, Parijdagi uyida ayolga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda ayblanib, 2020 yil dekabrda tergovga tortilgandi. Tergov hali ham davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida ham 13 nafar ayol Jerar Depardeni jinsiy zo‘ravonlikda ayblab ko‘rsatma bergan.
LiveBarchasi