Qari bilganni pari bilmas yoxud Bayden 78 yoshni qarshiladi
Olam
−
20 noyabr 2020
7557Bugun, 20 noyabr kuni AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganligi aytilayotgan demokrat Jozef Bayden 78 yoshni qarshilamoqda. Siyosatchining maslahatchilari Bayden ushbu sanani Prezident sifatida nishonlaydimi yoki yo‘q, buni aniq aytishmadi. Siyosatchining g‘alabasi rasman tan olinmagan bo‘lsa-da, AQSHning yetakchi OAVlari hisob-kitobiga ko‘ra, Bayden amaldagi Prezident Donald Trampni mag‘lubiyatga uchratishi uchun kerakli bo‘lgan 270 dan ortiq saylovchilar kollegiyalarining ovozlariga ega bo‘lgan.
Saylovoldi kampaniyasi davomida respublikachilar Baydenning keksaligini ko‘p “e’tirof” etishdi. 74 yoshli Tramp esa “uyqusiragan Jo” laqabini siyosiy muomalaga chiqardi. Ammo Baydenning keksaligi Amerika siyosatchilari orasida yagona holat emas. Masalan 70 yoshida saylanib 78 yoshida lavozimidan ketgan AQSHning 40-Prezidenti Ronald Reyganni yodga olaylik, yoki bo‘lmasa 34-Prezident Devid Eyzenxauer va 7-Prezident Endryu Jeksonni eslaylik. Ular 70 yoshigacha Oq uyda qolishgan.
Agar Baydenning g‘alabasi rasman tasdiqlansa, 2021 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadigan Amerika Qo‘shma Shtatlarining 46-Prezidenti inauguratsiyasi paytida Bayden 78 yosh 61 kunlik bo‘ladi. Shunday qilib, u mamlakat tarixidagi eng keksa Prezidentga aylanadi.
“Qari bilganni pari bilmas”
“The New York Times” gazetasi yozishicha, 46 yillik siyosiy tajribaga ega va uch marotaba prezidentlik saylovlarida qatnashgan Baydenning g‘alaba qilishi “ehtimol madaniyatli odamlar sifatida ba’zida donolik va tajribaga ustuvor ahamiyat bera olishimizni aks ettirar”.
“The Wall Street Journal” da esa “Baydenning tafakkuri uning yoshida biroz pasaygan bo‘lsa ham, uyaladigan narsa yo‘q”, deb yozilgan va shu bilan birga Bayden hali “tort ustidagi shamlardan ko‘pini o‘chirishiga” umid qilishgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 3 noyabr kuni AQSHda Prezidentlik saylovlarining ovoz berish jarayonlari tugadi. Shu paytgacha qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, Demokratik partiyasidan nomzod Jo Bayden raqibi Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni ortda qoldirgan.
LiveBarchasi