Moliya vaziri o‘rinbosari koronavirusdan vafot etgan

Jamiyat

image

Avvalroq, Moliya vazirining o‘rinbosari Yorqin Tursunov vafot etgani, unda bir necha kun oldin koronavirus aniqlangani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi amaldor koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 55 yoshli Yo.T. (erkak)da joriy yil 20 iyul kuni tana harorati ko‘tarilgan va xususiy tibbiyot muassasasi shifokorlarining tavsiyasi asosida uy sharoitida va xususiy shifoxonada davolangan. 

27 iyul kuni esa o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. 

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘pka shishi, giperglikemik koma kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

181

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing