“Qamchiq” dovoni yopilgani aytilmoqda. FVV holatga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan qismi noqulay ob-havo sababli noma’lum muddatga transport vositalari harakati uchun yopilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Holatga Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, dovon yo‘lida avtomobillar harakati cheklanmaganini ma’lum qildi.

“Ayni daqiqalarda “Qamchiq” dovonida  Favqulodda vaziyatlar vazirligi yo‘lni qordan tozalash va muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish, qum-tuz aralashmasini sepish ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda. Dovon yo‘li avtomobillar harakati uchun ochiq va ikki tomonlama harakat davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda, FVV yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, dovon hududida harakatlanishda haydovchilardan barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini so‘ragan.

“Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK matbuot xizmati ham dovonda transport harakati to‘xtatilganiga raddiya berdi.

Ma’lum qilinishicha, A-373 “Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismi 171-265 kmlar oralig‘ida qor yog‘moqda.

“Qor yog‘ib turgan paytda dovonda transport vositalarining beto‘xtov ikki tomonlama harakatlanishi ta’minlash uchun “Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK yo‘l qoplamasida sirpanchiq bo‘lmasligini oldini olish maqsadida tunu-kun yo‘llarga qum-tuz aralashmasi sepish, yo‘llarni qordan tozalash ishlarini bajarmoqda. Ayni damda transport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanmoqda”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, dovonda qor, vaqti-vaqti bilan tuman tushish xolatlari kuzatilmoqda. Yo‘llarda ko‘rinish 100 metrni, havo harorati -6 daraja, namlik 66 foizni tashkil etmoqda. Shamol tezligi 5-24 m/sga teng.


Maqola muallifi

Teglar

Qamchiq

Baholaganlar

134

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing