“Qamchiq”da yuk mashinasi ag‘darilib ketdi
Jamiyat
−
15 noyabr 2019
5993Bugun, 15 noyabr kuni “Qamchiq” dovonida yuk mashinasi yo‘l chetidagi handaqqa ag‘darildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
15 noyabr kuni tongda “Beshqo‘l” navbatchilik maskaniga “Qamchiq” dovonining “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan yuk mashinasi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 227 km da boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi handaqqa (kyuvetga) tushib ketganligi bo‘yicha ma’lumot kelib tushgan.
Xabar olingach, “Beshqo‘l” navbatchilik maskani guruh komandiri M. Boychayev boshchiligidagi qutqaruv guruhi tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borishdi.
Aniqlanishicha, Xorazm viloyati Urganch shahrida tug‘ilgan M.N. boshqaruvida bo‘lgan Isuzu rusumli yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetidagi handaqqa (kyuvetga) ag‘darilib ketgan. Birinchi navbatda qutqaruvchilar tomonidan haydovchiga yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra ag‘darilgan yuk mashinasi handaqdan chiqarilib, evakuator yordamida belgilangan manzilga jo‘natib yuborildi.