Qamalganlar oilasiga qo‘yilgan tamg‘a 

Tahlil

Yaqinlaringiz orasida bilib-bilmay jinoyat sodir etib qamalganlar bormi? “Oilasida qamalgan odam bor” degan tamg‘a bilan yashaganlar-chi? Bekorga buni "tamg‘a" deb atayotganimiz yo‘q. 2017 yilgacha O‘zbekistonda jinoyat sodir etib, qamalganlarning o‘ziga hukm o‘qilgani yetmagandek, ota-onasi, farzandlari, aka-ukasi, hatto, qaynona-qaynotasi ham jamiyatdan chetlashtirilar, ularni hamma barmog‘i bilan ko‘rsatardi? Xo‘sh, nega? Chunki davlatning o‘zi bunga yo‘l ochib bergandi. 

Qarindoshing biror jinoyat sodir etdimi, tamom, u bilan aloqang bormi yo yo‘q, qarindosh o‘laroq oyda-yilda bir ko‘rishsang, ko‘rishmasang seni ham “kuning bitdi” degani edi bu. Ishdan bo‘shatilganing, tuzukroq ishga kira olmaganing yetmagandek, yashaydigan mahallang yo tumaningda biror jinoyat sodir etilsa, birinchi gumondor sen bo‘larding. Bu kamsitishlar, chetlashtirishlar o‘sha qarindoshing qamalib chiqsa ham seni tark etmasdi. Biz bu kunlarni birga ko‘rdik. Yo unutdingizmi? 

Har safar Toshkentning Amir Temur xiyoboni yonidagi Xalqaro anjumanlar saroyi oldidan o‘tganimda 2011-yillar yodimga tushadi. Talaba edik. Aynan anjumanlar saroyida katta xalqaro forum bo‘lishi aytildi. Tadbirga boradigan talabalar ro‘yxati shakllantirildi. Ochilganiga ko‘p bo‘lmagan binoga kirishni hammamizdan ham ko‘proq kutayotgan kursdoshim, afsuski, ro‘yxatdan tushib qoldi. Unga amakisi qamalgani uchun xalqaro tadbirda qatnasha olmasligi aytildi. Tasavvur qilyapsizmi, u yaqin qarindoshi qamalgani uchun o‘z vatanida tadbirga kiritilmagan. O‘shanda bunday adolatsizliklarga shu qadar o‘rganib ketgandikki, ularning hech biri bizga erish tuyulmagan, aksincha, hamma qatori qarindoshi qamalganlarga ola qarashda davom etganmiz.  

Qariyb 65 foizga o‘zgarayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini o‘qirkanman 28-modda e’tiborimni tortdi.

“Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, deyiladi 28-moddada.

Bir qarashda modda ayblanuvchi yoki sudlanuvchini huquqlarini buzmaslik haqida. Moddadagi “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas” deyilgan qismi nafaqat sudlanuvchining balki uning oila a’zolari huquqini toptamaslikka ishora qiladi.

Bu moddadan bilish mumkinki, turmush o‘rtog‘i yoki otasining sudlangani oilaning u yoki bu a’zolari hayotiga daxldor bo‘lmaydi va halal bermaydi. Aslida esa oramizda bu muammoni boshidan o‘tkazib qancha avlod ulg‘aydi. Qanchadan qancha yigitlar qo‘lida diplomi, harbiy guvohnomasi bo‘la turib, ishga qabul qilinmay, o‘zini kirakashlikka urdi yoki Vatandan bosh olib ketdi. 28-modda ular qidirayotgan adolat ovozi emasmi? 

Bular haqida biz emas, odamlar gapirsin. QALAMPIR.UZ poytaxt ko‘chalarida bo‘lib, odamlar bilan muloqot qildi.

“Meni tog‘am Yuridik universitetga hujjat topshirganlar. Afsuski, imtihonlar muvaffaqiyatli o‘tishlariga qaramay, amakilar qamalgani uchun asossiz ravishda o‘qishdan chetlashtirilgandilar. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish bilimi bor yuristlarning yo‘lini ochib beradi”, deydi respondentlardan biri

QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan bir ayol o‘z boshidan o‘tganlarini gapirar ekan, turmush o‘rtog‘i qamalgani uchun hatto ishga joylasha olmaganini esladi. 

“Turmush o‘rtog‘im qamalgan. Yaxshiroq ishda ishlashim uchun oilamda qamalgan odam borligi doim halal bergan. Siz yaxshi mutaxassis bo‘lishingiz uchun oilangizda qamalgan odam borligi siz yoki farzandlaringiz hayotida tamg‘a bo‘lishi juda achinarli. Har bir odam o‘zi uchun javob berishi kerak. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishni o‘qib juda quvondim”. 

QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lganlarning ko‘pchiligi otasi, akasi, amakisi yoki boshqa bir qarindoshi qamalgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organda ishlay olmaganini aytdi. 

“Qarindoshlari orasida qamalganlar bo‘lsa huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ishga kirish masalasida to‘sqinliklar bor edi. Har bir odam o‘zi uchun javob berishi kerak. Turmush o‘rtog‘imning ukalari qamalgani uchun ularni ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlashlariga to‘sqinliklar bo‘lgan. Endi bu muammoning yechimi aynan konstitutsiyada mustahkamlanishi juda yaxshi”.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan faqatgina jinoyat sodir etgan shaxs yakka tartibda javobgar bo‘lishi, jazo va bu jazodan kelib chiqadigan oqibatlar uning qarindoshlariga nisbatan qo‘llanilmasligi kerakligi, bu shaxslarni har qanday shaklda kamsitish uchun asos bo‘lmasligi to‘g‘risidagi qoida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi tufayli kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi qoidaning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi fuqarolarga nisbatan bunday eskirgan taqiqlarga barham beradi hamda har bir shaxsning qonun va jamiyat oldida tengligi tamoyilini real ta’minlash kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlisi Senati Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Referendum, shu yilning 30 aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya Qamalganlar tamg'a

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing