Qahva jigar sirrozi xavfini kamaytirishi mumkin – tadqiqot
Salomatlik
−
04 iyul 2876 2 daqiqa
Sedars-Sinay tibbiyot markazi olimlari muntazam ravishda qahva ichish jigar sirrozi, jigar saratoni hamda ushbu a’zo kasalliklari asoratlari tufayli o‘lim xavfining kamayishi bilan bog‘liqligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Clinical Gastroenterology and Hepatology” (CGH) jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqot Buyuk Britaniyaning “UK Biobank” biobankidan olingan 354 957 nafar ishtirokchini qamrab olgan. Kuzatuvlar boshida ularning hech birida jigar sirrozi yoki raki bo‘lmagan. Olimlar ularning sog‘lig‘i holatini o‘rtacha 13 yil davomida kuzatib borgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, kuniga besh va undan ortiq finjon qahva ichadigan odamlarda qahva ichmaydiganlarga qaraganda sirroz rivojlanish xavfi 32 foizga, jigar raki xavfi 47 foizga, jigar kasalliklaridan o‘lim ehtimoli esa 42 foizga pastroq bo‘lgan.
Shu bilan birga, ijobiy samara kuniga bir-ikki finjon ichilganda ham kuzatilgan, eng yuqori natija esa uch-to‘rt finjon oralig‘ida namoyon bo‘lgan. Biroq mualliflar bu natijalarni har kuni besh finjondan ortiq qahva ichish kerak, degan tavsiya sifatida qabul qilmaslik zarurligini ta’kidlamoqda.
Ushbu bog‘liqlikning ehtimoliy mexanizmlarini aniqlash uchun tadqiqotchilar jigarning magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) ma’lumotlarini va qon tahlili natijalarini ham o‘rganib chiqqan. Qahva ixlosmandlarining jigarida yog‘, temir moddasi, fibroz va yallig‘lanish belgilari kamroq ekanligi ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, ushbu guruhda a’zoning sog‘lom faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan oqsillar darajasi yuqori, to‘qimalarning yallig‘lanishi va chandiqlanishiga olib keluvchi oqsillar konsentratsiyasi esa pastroq bo‘lgan.
Bunday ijobiy natijalar oddiy qahvani ham, kofeinsiz qahvani ham xush ko‘ruvchilarda birdek kuzatilgan. Bu esa himoya xususiyati nafaqat qahvain bilan, balki ichimlik tarkibidagi boshqa biologik faol moddalar bilan ham bog‘liqligini taxmin qilishga asos bo‘ladi.
Mualliflarning qayd etishicha, ushbu tadqiqot kuzatuv xarakteriga ega bo‘lib, aynan qahva jigar kasalliklarining oldini olishini to‘liq isbotlamaydi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lom vaznni saqlash, spirtli ichimliklar iste’molini cheklash, muntazam jismoniy faollik hamda qondagi shakar, xolesterin va arterial bosimni nazorat qilib borish hanuzgacha kasallikning oldini olishdagi asosiy choralar bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik iqtisodchilar COVID-19 pandemiyasi davrida va undan keyin masofaviy ishga ommaviy o‘tish oxirgi bir necha yil ichida AQSHda ruhiy kasalliklar ko‘payishining taxminan uchdan bir qismiga sabab bo‘lganini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28