Jizzaxning har bir tumaniga 4 mlrd so‘mdan pul ajratiladi
Jamiyat
−
12 fevral 2019
5218O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatining tumanlari markazini zamonaviy qiyofaga keltirish maqsadida qurilish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jizzax viloyatining barcha tumanlari (Mirzacho‘l tumanidan tashqari) markazini zamonaviy qiyofaga keltirish uchun ijtimoiy soha muassasalarini ta’mirlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlariga har bir tumanga 4 mlrd so‘mdan, jami 44 mlrd so‘m, shundan:
joriy yilning 15 fevraliga qadar respublika byudjetining yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan har bir tumanga 2 mlrd so‘mdan, jami 22 mlrd so‘m;
joriy yilning aprel oyida respublika byudjetining 1-chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan har bir tumanga qo‘shimcha 2 mlrd so‘mdan, jami 22 mlrd so‘m mablag‘ni Jizzax viloyat mahalliy byudjetiga ajratilishini ta’minlashi lozim.
Jizzax viloyatining tumanlari markazlarida bajariladigan ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilandi.
Jizzax viloyat hokimligiga Jizzax viloyat tumanlari markazida amalga oshiriladigan qurilish ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihachi va pudratchi tashkilotlarni eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat beriladi.
Mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish va ularning samaradorligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik Qurilish vaziri A.To‘xtayev va Jizzax viloyat hokimi E.Saliyev zimmasiga yuklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jizzax viloyat hokimligi 2019 yil Investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda quyidagi ob’ektlarni kiritadi:
Forish tumanida 60 o‘rinli tug‘ruqxona kompleksini qurish va jihozlash;
Do‘stlik tumani “Yangi hayot” massivida 630 o‘rinli umumta’lim maktabini qurish va jihozlash;
Jizzax viloyat hokimligi va Xalq ta’limi vazirligi takliflari asosida viloyatdagi eng og‘ir ahvolda bo‘lgan umumta’lim maktablarini ta’mirlash.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 3-banddagi ob’ektlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi.
Jizzax viloyat hokimligi bir oy muddatda mazkur qaror bilan 2019 yil Investitsiya dasturiga qo‘shimcha kiritilgan ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqilishini ta’minlashi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi mazkur qaror bilan 2019 yil Investitsiya Dasturiga qo‘shimcha kiritilgan ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va qurilish-montaj ishlarini bajarishda sifat talablariga rioya etilishi bo‘yicha tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlaydi.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov va Jizzax viloyat hokimi E.A.Saliyev zimmasiga yuklanadi.
LiveBarchasi