Jizzaxda temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i qo‘lga olindi
3-sahifa
−
20 Sentabr
6725Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Dashtobod temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i pora olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Temiryo‘linfratuzilma” AJning Dashtobod stansiyasi boshlig‘i ixtisoslashmagan do‘konlarda boshqa tovarlar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tomonidan Tojikiston hududidan O‘zbekistonga olib kelinadigan ko‘mir mahsuloti ortilgan 100 ta yuk vagonlarini o‘zining tanishlari orqali bojxona ko‘rigidan navbatsiz o‘tkazib berish, stansiyada yukni tushirish jarayonida vagonlar belgilangan vaqtdan ortiq turib qolgan taqdirda temiryo‘l jarimasini qo‘llamaslik hamda yuk belgilangan vaqtda tushirib olinganligi bo‘yicha hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga MCHJ vakilidan har bir vagon uchun 100 AQSH dollaridan jami 10 ming AQSH dollari talab qilgan.
Stansiya boshlig‘i 40 ta vagon uchun 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, stansiya rahbari muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo va Surxondaryoda jinoyatni yashirishga uringan mansabdorlar pora bilan ushlangandi.
LiveBarchasi