Ijtimoiy tarmoq demokratiya uchun asosiy tahdidga aylandi – Erdo‘g‘an

Olam

image
0:00
0:00
download

Avvaliga ijtimoiy tarmoqlar “erkinlik timsoli” sifatida qabul qilingan, ammo vaqt o‘tishi bilan ular demokratiya uchun asosiy tahdidlardan biriga aylangan. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 11 dekabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Strategik aloqalar bo‘yicha ikki kunlik xalqaro sammit ishtirokchilariga murojaatida aytib o‘tdi. 

“Virtual fashizmning kuchayib borayotgan ko‘rinishlari va yolg‘on ma’lumotlar oqimi fonida Turkiya kabi demokratik rivojlangan davlatlar hushyor bo‘lishlari kerak”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbari texnologiyalar va virtual makonning faol rivojlanishi zamonaviy jamiyatlar ijtimoiy muhitini shakllantirishga ta’sir qilishini ta’kidladi. 

“Ijtimoiy tarmoqlarga qiziqish ortib borayotgan bir paytda yolg‘on, uydirma xabarlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar oqimi ko‘paymoqda. Virtual makonni boshqarishning samarali mexanizmlari mavjud bo‘lmagani sababli, butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning hayoti yolg‘on xabarlarning tarqalishi tufayli qorong‘ilikda qolmoqda. Dezinformatsiya muammosi alohida davlatlarning milliy xavfsizligi doirasidan chiqib ketdi. U global xavfsizlik tahdidi miqyosiga yetmoqda”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya Arezidentining ta’kidlashicha, moliyaviy quvvat, xalqaro maqom va ambitsiyalardan qat’i nazar, hech kim – hech bir kompaniya o‘zini qonundan ustun qo‘ya olmaydi. 

Turkiya dunyoda qonun ustuvorligidan ustun turadigan doiralardan farqli o‘laroq, axborot muhiti va aloqa platformalarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun qat’iy kurashni davom ettiradi, deydi davlat rahbari. 

“Biz odamlarni imkon qadar to‘g‘ri va xolisona xabardor qilishga intilamiz, iloji boricha dezinformatsiyalar oqimini va yolg‘on targ‘ibotini bostiramiz”, deydi Erdo‘g‘an jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab.

Ayni vaqtda dunyo aholisining 49 foizi yoki 3 milliard 81 millioni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib keladi. Bu ko‘rsatkich esa yildan yilga o‘rtacha 8,7 foizga yoki 304 million kishiga ortib bormoqda. Dunyo miqyosida mobil telefon foydalanuvchilari esa 3,76 milliard kishini tashkil etmoqda. 

Ayni vaqtda jahonda 15 ga yaqin eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar mavjud bo‘lib, ushbu ro‘yxat avvalida keluvchi 6 ta ijtimoiy tarmoqning har biridan oyiga 1 milliarddan ziyod kishi foydalanadi. Masalan: 

•    Facebook – 2,4 milliard; 
•    YouTube – 2 milliard;
•    WhatsApp – 2 milliard;
•    Facebook Messenger – 1,3 milliard;
•    WeChat (Weixin) – 1,1 milliard;
•    Instagram – 1 milliard. 

Ijtimoiy tarmoqlar eng avvalida o‘zaro muloqot qilish maydoni bo‘lgan bo‘lsa, bugun ular ommaviy axborot vazifasini ham bajarmoqda. An’anaviy OAVdan farqi shundaki, birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqda tarqatilayotgan axborotlarning xolis va to‘g‘riligi doim savol ostida. Ustun tarafi axborotlarga nisbatan munosabat, fikr bildirish, muloqot jarayonida qatnashish mumkin. Biroq, aksariyat holatlarda muloqotlar va izoh qoldirish sog‘lom muhitda sodir bo‘lmayapti. Foydalanuvchilar o‘rtasida diniy, irqiy, etnik mojarolar kelib chiqmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoq bugun islomofobiya, terrorizm va separatizm targ‘ibotining asosiy markaziga aylanib qolgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

43

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing