“Ijtimoiy xavfi katta emas”. Pedofil amaldorlarning nega “boshi silangani” ochiqlandi

3-sahifa

image

Avvalroq, Xorazmda mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilgan sobiq mansabdorlar jazoni o‘tash uchun qamoqqa emas, manzil-koloniyaga yuborilgani, lekin jamoatchilikka boshqacha ma’lumot berilgani aniqlandi.

Xususan, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida mazkur masala yuzasidan izoh talab qilib, post qoldirgandi. Toshkent shahar sudlari esa bunga o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, O.M. va A.Q. jinoyat sodir qilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3 yilgacha, 128−1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lib, Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, har ikki jinoyat ham ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar tasnifiga kiritilgan.

Shu sababli, O.M. va A.Q.ga jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi va 128−1-moddasi sanksiyasi doirasida jazo tayinlangan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 50-moddasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda o‘talishi nazarda tutilgan.

Shu sababli, jazoni ijro etish maqsadida O.M. va A.Q.ning manzil-koloniyalarga jo‘natilishi belgilangan.

“Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmiga muvofiq, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan O.M. va A.Q. hozirgi kunda Samarqand viloyati hududida joylashgan manzil-koloniyalarda jazo muddatlarini o‘tab kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i O.M. va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i A.Q. tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Sarvar Xurramov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Pedofil amaldorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing