Xo‘rlangan, zo‘rlangan, o‘ldirilgan... Nafs qurboni bo‘lgan yil bolalari
Tahlil
−
02 yanvar
121842023 yilni sarhisob qilib, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan xabarlarni ko‘zdan kechirar ekanman, ko‘ngilni xira qiluvchi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlarni zo‘rlash, yoshi 60 ga yetganlarning nabirasi tengi qizlarga buzuq harakatlar qilgani kabi holatlarning ortib borayotganiga guvoh bo‘ldim. Sizu bizgacha yetib kelgan, ma’lum qilingan zo‘ravonliklardan dahshatga tushdim. Afsuski, bu mavzularni, muammolarni doim ham muhokama qilish, ovoz chiqarib gapirishga o‘rganmagan xalqmiz.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 10,5 mln dan ziyodni tashkil etmoqda. Statistikaga ko‘ra, 2022 yilga kelib bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish xalqaro indeksida O‘zbekiston oldingi yilga nisbatan 7 pog‘onaga pastlagan, ya’ni 59 davlat ichidan 58-o‘rindan joy olgan.
Yoshlarni xato qildi desangiz, qarib quyulmaganlarning bu harakatlarini qanday baholash mumkin? Eng achinarlisi huquqimizni himoya qiladi deganlarimiz amaldorlar, ichki ishlar xodimlarining qizlarga qilayotgan zo‘ravonliklariga chidab bo‘lmaydi.
QALAMPIR.UZ 2023 yilda ayollar va yosh qizlarga qilingan jirkanch tajovuzlarni bir joyga jamladi.
12 yoshli Muslima voqeasi
2023 yilning 31 yanvar kuni bo‘lgan voqea ko‘pchilikni dahshatga soldi. Toshkent shahar Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topildi.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qizni zo‘rlagan erkak marhumaning xonadonida 2022 yilning yoz oylarida yollanma ishchi sifatida ishlagan.
Voqea jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘z yakuniga yetgach, ish sudga yuborildi.
Qotillik bo‘yicha ish shu yilning 26 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi, 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 3-qismi “b” bandi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi, 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Pedofil amaldorlar ishi
12 yoshli qiz bilan sodir bo‘lgan voqea hali yodimizdan chiqmasdan, yana bir holat jamoatchilikni dahshatga soldi. Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bilan til biriktirib, Mehribonlik uyining voyaga yetmagan 15-17 yoshli qizlarini 10 oy davomida zo‘rlab kelgan.
Amaldorlarning bu ishiga rozi bo‘lmagan qizlarni mehribonlik uyi direktori turli xil qiynoqlarga solgan. Masalan, qizlardan birining ukasini kaltaklagan, yana birini esa xonaga qamab, och qoldirgan.
Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida jimi-jimida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.
Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yil-u 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Tasavvur qilyapsizmi? Voyaga yetmagan qizlarni oylab zo‘rlagan amaldorlar uchun, ozodlikni cheklash jazosi. Sudlanuvchilarning himoyachisi tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan, jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 kunda ham oshkor bo‘lar deganlaridek, amaldorlarning bu qilmishlari jamoatchilikka ma’lum bo‘lib qoldi. Sud hukmi odamlarning keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Turli e’tirozlar, “kattalar”ning holatni qoralab chiqishlari ortidan Bosh prokuratura tomonidan chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasi ajrimining qonuniyligi o‘rganildi.
29 mart kuni sudlangan Masharipov va Quryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.
Shu yilning 3 noyabr kuni, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Amaldorlar, yuqorida sanab o‘tilgan moddalar bilan aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu tariqa, sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, Oybek Masharipov va Anvar Quryazov sud zalidan qamoqqa olindi.
Oilaviy bolalar uyining zo‘rlangan 13 yoshli qizi
Afsuski, ota-ona mehriga zor bo‘lgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini zo‘rlash shu bilan tugamadi. Joriy yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 13 yoshli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi uni asrab olgan erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar tarqaldi. O‘sha vaqtda, qiz homilador bo‘lib qolgani va uning bolasini majburan tushirtirilgani aytildi.
Holat o‘rganilib, ish sudga oshirilgan va 6 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sud hukmi e’lon qilingan.
Hukmga ko‘ra, 12 yoshli qizni zo‘rlagan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi va eski tahrirdagi (2023 yil 11 aprelga qadar amalda bo‘lgan) 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.
Keltirilishicha, ushbu shaxsga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
4 nafar “erkak” tomonidan zo‘rlangan 13 yoshli qiz
Nafs yomon narsa. Buvim rahmatli “nafs balo” deb aytardilar. Joriy yilning may oylari boshida Buxoroda 13 yoshli qiz cho‘lda 4 nafar erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar tarqaldi.
O‘shanda zo‘rlik qurboni bo‘lgan qiz akasining oilasi bilan birga yashagani, uning kelinoyisi qizni begona erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majbur qilib kelgani aytilgandi.
Qiz doimiy tarzda erkaklar tomonidan zo‘rlanib kelingan va kelinoyisi uni yana 4 nafar erkak qo‘liga topshirgan. Erkaklar esa qizni cho‘ldagi kulbalardan biriga majburlab olib borishgan. Haydovchidan tashqari, uch nafar erkak 13 yoshli qizni navbatma-navbat zo‘rlagan. O‘sha vaqtda bu holatni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tasdiqlagandi.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning bergan so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur masala birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan. Hozirgi kunda apellyatsiya instansiyasi sudi davom etyapti.
Cho‘ldagi zo‘ravonlik
Keyingi zo‘ravonlik ham Buxoroda. Yodingizda bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi cho‘lda bir ayolni bir necha shaxslar kuch ishlatish yo‘li bilan zo‘rlamoqchi bo‘layotgani aks etgan video tarqalgandi. IIV holatga izoh berib, voqea joriy yilning 30 mart kuni G‘ijduvon tumani “Qoraxoni” mahallasi “Jilvon” cho‘l hududida sodir bo‘lgani, tumanning “Sarmijon” mahallasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan erkak tanishi shu mahallada yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan ayolni tumanning “Jilvon” cho‘l hududiga olib borib, uning erkiga zid ravishda jinsiy aloqada bo‘lgan. O‘zi bilan birga borgan sherigi holatni video tasvirga olgan va kadrlar orqali uni o‘ziga qaram qilib, yonida bo‘lgan boshqa tanishlari bilan ham aloqada bo‘lishga majburlagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 121-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish yuzasidan gumon qilinuvchi 3 nafar shaxs ushlangandi. Hozirgi kunda ish sudga yuborilgan va birinchi instansiyada ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilar tomonidan berilgan arizaga muvofiq appelyatsiya instansiyasi sudi davom etmoqda.
16 yosh qizni zo‘rlaganlar
Keyingi xabar yanada dahshatliroq. Shu yilning aprel oyi boshidan Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 2022 yil avgust oyida 11 erkak 2006 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
Prokuratura holat yuzasidan tergov davomida 8 nafar shaxs gumonlanuvchi, 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingani ulardan uch nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani aytilgandi.
Joriy yilning 1 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tuman sudida 2006 yilda tug‘ilgan qizni guruh bo‘lib zo‘rlagan 4 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Hukmga ko‘ra, zo‘rlaganlar Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ularning uch nafari 11, 1 tasi 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yuqorida aytganimizdek, boshida bu holatda 11 kishi ishtirok etkani aytilgandi. Sud hukmiga ko‘ra 11 nafar shaxs sudga jalb qilingan. Qolgan gumonlanuvchilarning bu masalaga aloqasi bor yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan.
31 yoshli ayolni zo‘rlagan 4 “erkak”
Shu yilning iyul oyida Farg‘onada 31 yoshli ayol 4 nafar erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berilgani yodingizda bo‘lsa kerak. Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, joriy yilning 17 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Beshariq tuman sudida 28, 24, 39 hamda 34 yoshli sudlanuvchilarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ular Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 2-qismi “v” bandi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 1-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilgan hamda 9, 8, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
8 yashar qizga uyatsiz-buzuq harakat qilgan 63 yoshli qariya
Aqli joyida kap-katta odamlar voyaga yetgan ayollarga zo‘ravonlik qilayotgani odamni seskantirib yuboradi. Lekin, nabirasi tengi qizlarga uyatsiz harakatlar qilayotgan qarib quyulmaganlar ham bor, afsuski. Joriy yilning avgust oyida poytaxt Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 63 yoshli erkak 8 yashar qizning qarshiligiga qaramay, uni o‘pib, uyatsiz-buzuq harakat sodir etgani haqida xabarlar va tasvirlar tarqalgandi. Oradan 3 oy o‘tib, mo‘ysafidga sud hukmi o‘qilib, u 5 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S. Abdug‘aniyev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq 63 yoshli erkak Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 6-qismi talabidan kelib chiqqan holda 5 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Milliy gvardiya xodimi zo‘rlagan 13 yoshli qiz voqeasi
Ota-ona doim farzandi bilan gaplashishi kerak. Har qanday mavzuda gaplasha olish, farzand uchun sirdosh bo‘lish, muammolarini eshitib unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olish juda muhim. Aprel oyida “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz Milliy gvardiya xodimi tomonidan bir necha yil avval zo‘rlanganini aytib chiqqandi. Loyiha, qizni zo‘rlagan vaqtda erkak Milliy gvardiya xodimi bo‘lmaganini bildirgan. Jabrlangan qiz ota-onasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilgan. 2019 yilning yozida esa buvisining uyiga, Toshkent viloyati Qibray tumaniga kelgan.
Qizning Nemolchi.uz'ga aytishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni dugonasi bilan uyiga qaytayotgan qizni buvisining qo‘shnisi unga kuch ishlatib, bir binoga olib kirgan va o‘sha yerda qizni zo‘rlagan. “Men yordam chaqirish uchun baqirdim, lekin ko‘chada hech kim yo‘q edi. U meni kuch bilan sudrab qo‘shimcha imoratga olib kirdi va so‘riga tashladi. Shundan so‘ng u bir qo‘li bilan ikki qo‘limdan ushlab, ikkinchi qo‘li bilan kiyimimni yechdi... So‘ng, menga kiyinishimni buyurdi va hech kimga aytmasligimni tayinladi, aks holda meni o‘ldirish bilan qo‘rqitdi”, deya qizning gaplaridan iqtibos keltiradi Nemolchi.uz.
Bu voqea sodir bo‘lgan vaqtda qiz 13, erkak esa 27 yoshda bo‘lgani aytilgan. 13 yoshli qizcha uzoq vaqtga qadar tahdidlardan qo‘rqib bo‘lgan voqeani hech kimga aytmagan. Uning ota-onasi bu voqeadan xabar topib, erkakni javobgarlikka tortish uchun 2022 yilning fevral oyida Toshkent shahriga kelgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari tugab, 18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida 13 yoshli qizni zo‘rlangan Milliy gvardiya sobiq xodimi ustidan sud hukmini e’lon qilgan.
Bildirilishicha, sud hukmiga muvofiq sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgan bolalar bog‘chasi direktorining o‘g‘li
May oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida direktorning o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgani haqida xabarlar tarqalgani yodingizda bo‘lsa kerak.
O‘shanda bog‘cha mudirasining 11-sinf o‘g‘li 4 nafar qizchani uxlashga yotganidan keyin, turli tegajog‘liklar qilgani aytilgandi.
Bosh prokuraturaga holat bo‘yicha ma’lumot berib, voqea 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.
O‘sha vaqtda Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 119-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va tergov davom etayotganini bildirgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga izoh berarishicha,Chilonzor tumanidagi bog‘cha rahbari xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yganligi uchun lavozimidan ozod qilingan.
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining QALAMPIR.UZʼga bergan ma’lumotida mazkur masala yuzasidan ochilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqilayotgani, sudning qonuniy qarori haqida qo‘shimcha axborot berilishi keltirilgan.
13 yoshli qizni zo‘rlagan Ichki ishlar xodimi
Ko‘pchilik jinoyat sodir etilganda Ichki ishlar xodimlariga yuguradi. Borib ularga muammosini aytadi va jinoyatchidan himoya qilishlarini so‘raydi. Lekin Ichki ishlar xodimining o‘zi jinoyat sodir etsa-chi? Toshkent viloyatida 13 yoshli qizni zo‘rlagan ichki ishlar xodimi 15 yilga qamaldi.
Yodingizda bo‘lsa, “Nemolchi” loyihasi o‘ziga kelib tushgan xabar asosida ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizni zo‘rlagani, holat shu yili may oyining oxirida sodir bo‘lgani haqida yozgandi. Qiz dugonasi bilan ko‘chada ketayotgan vaqtida uning qo‘shnisi qizlarni mashinaga o‘tirib, sayr qildirib kelishni taklif qilgan. Qiz qo‘shnisini yaxshi tanigani uchun mashinaga o‘tirgan.
Shundan so‘ng, qo‘shni erkak o‘smir qizlarni ijaraga olingan “dacha”ga olib borib, zo‘rlagan. Qizlarni yana mahallaga olib kelib tashlagan.
Qayd etilishicha, bir hafta davomida qiz o‘zini yaqinlaridan uzoq tutgan va onasi keyinchalik bu ishdan xabar topgan. Qizning onasi darhol Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Bir hafta o‘tgach, tekshiruv tayinlangan, ammo natijalar juda uzoq vaqt davomida e’lon qilinmagan.
1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Mirobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan erkakka oid jinoyat ishi 25 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi