Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim fuqarolarga nafaqa tayinlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari joriy yilning 1 avgustidan boshlab ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:

  • nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar, OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalar;
  • yoshidan qat’i nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari.

Ularga davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi. Nafaqa puli nafaqa yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi.

Nafaqalar tayinlash tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.

Quyidagilar davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi:

  • murojaat qiluvchilar tomonidan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi;
  • so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlashning rad etilishi.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va joriy yilning 24 aprelidan kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

nafaqa pensiya

Baholaganlar

93

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing