Ittifoq davlati. Putin va Lukashenko yangi qarorni imzoladi
Olam
−
05 noyabr 2021
8649Rossiya va Belarus Prezidentlari Vladimir Putin hamda Aleksandr Lukashenko Ittifoq davlatining integratsiya qarorini imzoladi.
“Ko‘rdim, Putin imzoladi va men ham imzolayman”, degan Lukashenko onlayn majlisda.
Qaror bilan joriy yilning sentyabr oyida tasdiqlangan barcha 28 ta ittifoq dasturlari, shuningdek 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Ittifoq davlatini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan.
Putin integratsiya haqidagi qarorning imzolanishini oldinga katta qadam deb atagan.
“Buning mamlakatlarimizdagi ichki siyosiy kun tartibiga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bu pirovard natijada fuqarolarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan ishimiz samaradorligini oshirish uchun iqtisodiyotlarimizni samarali boshqarish va raqobatdosh ustunliklarni yaratish zarurati bilan bog‘liq”, degan u.
Ittifoq davlati bo‘yicha dasturlar valyuta tizimlarining integratsiyasini, bilvosita soliqlarni undirishning umumiy tamoyillarini, pensiya va ijtimoiy ta’minot masalalariga yagona yondashuvni, terrorizmga qarshi kurashni, davlat xaridlari va davlat buyurtmalariga o‘zaro kirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, makroiqtisodiy siyosat umumiy bo‘ladi, mamlakatlar to‘lov tizimlarini birlashtiradi va pul-kredit siyosatini uyg‘unlashtiradi, qo‘shma neft va gaz bozorlarini shakllantiradi va hokazo. Shuningdek, yetakchilar Ittifoq davlatining Harbiy doktrinasi va ikki davlatning migratsiya siyosati konsepsiyasini qabul qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 1999 yil 8 dekabrda Rossiya va Belarus o‘rtasida Ittifoq davlatini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Hujjatning 20 yilligiga qadar sohaning yo‘l xaritalarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Keyin Moskva va Minsk ularni ittifoq integratsiyasi dasturlariga aylantirdi. Ularning aksariyati 2025 yilgacha, ba’zilari yesa 2027 yilgacha hisoblanadi. Moskva ham, Minsk ham ittifoq dasturlarida suverenitetni yo‘qotish bilan bog‘liq siyosiy masalalar yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.