Italiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi rekord darajada pasaydi
Olam
−
07 aprel 2023
10842Italiyada 2022 yilda tug‘ilish ko‘rsatkichi mamlakat birlashtirilgan 1861 yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. Bu haqda "Reuters" xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda Italiyada aholi sonining qisqarishi davom etib, tug‘ilishlar miqdori 400 mingdan kamaygan holda tarixiy minimumga tushib qolgan.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, mamlakatda tug‘ilish darajasining pastligi milliy favqulodda holat hisoblanadi. Bosh vazir Jorja Meloni o‘tgan yilgi saylov kampaniyasida aynan shu muammoni hal qilishga va’da bergan edi.
Statistikaga ko‘ra, 2022 yil Italiyada har 7 ta tug‘ilgan 12 ta o‘lim holati to‘g‘ri kelgan va doimiy aholi soni 179 mingga kamayib, 58,85 millionga yetgan. Aholi kamayishi COVID-19 pandemiyasi sabab 2020 va 2021 yilarga nisbatan sekinlashgan.
Mamlakatda o‘tgan yili 392 600 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu Italiya birlashtirilgan 1861 yildan beri eng past ko‘rsatkich ekani aytilmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida 15-49 yosh guruhidagi ayollar sonining qisqarishi va qarishi ko‘rsatilmoqda. Agar Italiyada 2021 yilda har bir ayolga 1,25 tadan farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,24 taga tushib qolgan.
Bu tendensiya qisman immigrantlar hisobiga qoplangan. 2022 yilda mamlakatga 229 ming kishi ko‘chib kelgan. Bunday toifadagilar umumiy aholining 8,6 foizi yoki 5,05 millionni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, Italiya aholisi 2014 yildan buyon muntazam ravishda pasayib kelmoqda. O‘sha vaqtdan beri jami yo‘qotish 1,36 milliondan ortiq kishini tashkil etdi. Bu Italiyaning ikkinchi eng yirik shahri Milan aholisi soni bilan teng demakdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni quvib o‘tgandi. Shuningdek, Xitoyning Sichuan provinsiyasida aholi sonini ko‘paytirish uchun avval belgilangan tartib yumshatilgandi. Unga ko‘ra, fuqarolar qonuniy nikohdan o‘tmay turib ham farzand ko‘rish huquqiga ega bo‘lishgandi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi