Xitoy aholisini ko‘paytirish uchun avval o‘rnatgan taqiqlarni bekor qilmoqda
Olam
−
31 yanvar 2023
8190Xitoyning janubi-g‘arbiy Sichuan provinsiyasi tug‘ilish holatlarini ro‘yxatga olish tartibini yumshatdi. Yangi tartib-qoidaga ko‘ra, endilikda qonuniy nikohdan o‘tmagan fuqarolar ham farzand ko‘rishlari va bu farzandlari uchun otalik va onalik maqomiga ega bo‘lishlari mumkin. Bu haqda “China Daily” nashri xabar bermoqda.
Yangi qoida Sichuan hududida alohida uy-joyga ega bo‘lgan yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladi. Nikoh qonunchiligiga mansub bo‘lgan ushbu yangi tartib 15 fevraldan boshlab besh yil muddatga kuchga kiradi.
Sichuan sog‘liqni saqlash komissiyasi bayonotiga ko‘ra, bu qoida markaziy hukumatning aholi soni doimiy o‘sishini ta’minlash bo‘yicha optimallashtirilgan siyosatini ifodalaydi.
Qayd etish kerakki, ushbu tadbirlar Xitoyni kelgusidagi katta ijtimoiy muammolardan qutqarish uchun amalga oshirilmoqda. Chunki mamlakat millat qarishi nomli achchiq ijtimoiy tajribani boshidan o‘tkazmoqda. Keksalar soni oshib bormoqda, tug‘ilish esa kamaymoqda. Xususan, o‘tgan yili mamlakatda so‘nggi 61 yil ichida ilk bor aholi sonining qisqarishi qayd etildi. Xitoy milliy statistika byurosining yanvar oyi boshida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakat aholisi 850 mingga kamaygan va taxminan 1,41 milliardni tashkil etgan.
LiveBarchasi