Italiyada maktablarda burqa va niqob taqish taqiqlandi

Olam

−

image

Italiya hukumati maktablarda yuzni to‘liq yopuvchi burqa va niqob taqishni taqiqladi. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh vazir Jorja Meloni boshchiligidagi hukumat tomonidan qabul qilingan hujjat joriy yilning 24 sentyabr kuni kuchga kirgan. U maktablarda musulmon ayollar kiyadigan burqa va niqobni taqiqlaydi. Biroq soch va bo‘yin qismini yopuvchi hijob kiyishga ruxsat beriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, Italiyaga yaqinda kelgan va italyan tilini yetarli darajada bilmaydigan xorijlik o‘quvchilar bir sinfdagi jami o‘quvchilarning 30 foizidan oshmasligi kerak. Belgilangan me’yordan ortiq o‘quvchi bo‘lgan taqdirda, ular boshqa sinflar yoki maktablarga taqsimlanadi. Ushbu cheklov 2027/2028 o‘quv yilidan qo‘llanadi.

Hukumat rahbari Jorja Meloni bu choralar o‘quvchilarning jamiyatga integratsiyalashuviga yordam berishi, ularga teng imkoniyatlar yaratishi va xorijlik bolalar ko‘p to‘plangan sinflar paydo bo‘lishining oldini olishini bildirgan.

Qonun joriy yilning 24 sentyabrda kuchga kirgan. Biroq uni 60 kun ichida parlament tasdiqlashi kerak.

Yangi qonun xorijlik o‘quvchilarning ota-onalariga ham tegishli. Agar oiladagi til to‘sig‘i bolaning ta’lim olishi yoki xulq-atvorida qiyinchilik tug‘dirsa, ota-onalar bepul italyan tili kurslarida qatnashishi shart. Ushbu talabni bajarmaganlarga 200 yevrodan ming yevrogacha jarima solinishi mumkin.

Italiyada bir sinfdagi xorijlik o‘quvchilar ulushini 30 foiz bilan cheklash talabi 2010 yildan beri amal qilib keladi. Biroq yangi qonun bilan uning bajarilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Mamlakatdagi kasaba uyushmalari va o‘qituvchilar yangi tartibni tanqid qilgan. Ularning fikricha, xorijlik o‘quvchilar ko‘p bo‘lgan hududlarda bolalarni turli maktablarga taqsimlash qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, hukumat tilni o‘rgatishni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratgan 14 million yevro yetarli bo‘lmasligi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya hukumati maktablarda burqa va niqob taqishni taqiqlash, sinflardagi xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash hamda ayrim xorijlik o‘quvchilarning ota-onalariga italyan tilini o‘rganish majburiyatini yuklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing