Italiyada fransuz haydovchining furgonidan jangovar raketalar topildi

Olam

image

Italiyada 46 yoshli fransuz haydovchi harbiy qurol-yarog‘larni noqonuniy tashishda gumonlanib, hibsga olindi. Uning furgonidan tankka qarshi qurol tizimlariga mo‘ljallangan beshta konteyner va uchta Akeron raketasi topilgan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa Bari portida yuz bergan. Fransiya davlat raqamlariga ega furgon Superfast II kemasi Patrasdan kelib, portga kirganidan so‘ng tekshirilgan. Haydovchi Regis Claude Albert Normand deb tanishtirilgan. Tekshiruv vaqtida u uchta xalqaro yuk hujjatini taqdim etgan, biroq hujjatlarda yukning aniq mazmuni ko‘rsatilmagan.

Keyingi tekshiruvlar davomida furgondan beshta konteyner topilgan. Ulardan biri bo‘sh bo‘lgan. Ikkinchisidan boshqaruv tizimi, dvigateli yoki jangovor kallagi bo‘lmagan, mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan inert raketa aniqlangan. Qolgan uchta konteynerning har biridan bittadan Akeron raketasi topilgan.

Raketalar harbiy qurol hisoblanadimi yoki yo‘qmi, degan masalaga aniqlik kiritish uchun Italiya armiyasi mutaxassislari jalb etilgan. Tergov davomida konteynerlardagi quvurlarning rangi ham e’tiborga olingan. Ularda NATO standartlariga ko‘ra, portlovchi moddalar mavjud bo‘lmagan o‘quv jihozlarini bildiruvchi ko‘k rangli belgilar bo‘lgan.

Biroq harbiy mutaxassislar ushbu belgilar asl ishlab chiqaruvchi tamg‘alari emasligi, oddiy yopishtiruvchi lenta yordamida qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Lenta olib tashlanganidan so‘ng quvurlarda yuqori portlovchi o‘q-dorilarni bildiruvchi sariq-qora ranglar ko‘ringani aytilmoqda.

Haydovchi tergovchilarga qurol-yarog‘larni mudofaa kompaniyasi MBDA topshirig‘i bilan Gretsiyaga olib ketayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuk Altus LSA kompaniyasiga ta’mirlash uchun yetkazilishi kerak bo‘lgan.

Normandning himoyachilari sudga tijoriy va safar hujjatlari, shuningdek, Fransiya Mudofaa vazirligining 2025 yilda MBDA France kompaniyasiga harbiy texnika bilan bog‘liq faoliyat uchun bergan ruxsatnomasini taqdim etgan.

Shunga qaramay, Bari sudi sudyasi Valeriya Izabella Valensi ish bo‘yicha qo‘shimcha tergov o‘tkazish zarur, degan xulosaga kelgan. Sudya taqdim etilgan hujjatlarda turli muhrlar va sanalardagi tafovutlar mavjudligini qayd etgan.

Bundan tashqari, Italiya qonunchiligiga ko‘ra harbiy texnikalarni tashish uchun talab etiladigan ruxsatnomalar portdagi tekshiruv vaqtida ham, keyinchalik sud organlariga ham taqdim etilmagan.

Normand o‘zini harbiy yuklarni tashishga ixtisoslashgan fransuz kompaniyasining subpudratchisi sifatida ishlashini bildirgan. Biroq tergovchilarga ko‘ra, u faoliyat yuritadigan va rafiqasi nomiga ro‘yxatdan o‘tgan transport kompaniyasi bunday turdagi yuklarni tashishga ixtisoslashgani isbotlanmagan. Hozir tergovchilar raketalar qayerdan kelgani, qayerga olib ketilayotgani va ularni tashish uchun tegishli ruxsat mavjud bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlamoqda.

Bari sudi haydovchini tergov davomida qamoqda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing