Italiya qirg‘og‘ida 30 ga yaqin muhojir bedarak yo‘qoldi
Olam
−
07 avgust 2023
2236Kecha, 6 avgust kuni Italiyaning janubiy Lampeduza oroli qirg‘oqlarida ikkita kemaning halokati oqibatida 30 ga yaqin odamning bedarak yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga tayanib, “Deutsche Wyellye” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozircha bir ayol va bir bolaning jasadi topilgan hamda 57 kishi qutqarilgan. Taxminlarga ko‘ra, muhojirlar bo‘lgan bu ikki kema Tunisning Sfaks shahridan jo‘nab ketgan. Birinchi kemada 48 kishi, ikkinchisida esa 42 kishi bo‘lgan.
Shuningdek, joriy yilning 5 avgust kuni kechqurun Lampeduza oroli yaqinida yana bir qayiq qoyalarga urilib vayron bo‘lgan. Qoyaga chiqib, omon qolgan 34 nafar muhojir esa havo orqali qutqarilgan.
Italiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshidan buyon mamlakatga dengiz orqali deyarli 92 ming noqonuniy migrant kirib kelgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 43 mingga yaqinni tashkil etgani aytilmoqda. Qochqinlar Tunis va Liviyadan O‘rta yer dengizi orqali janubiy Italiya va Maltaga o‘tgan. Ularning aksariyati yaroqsiz kemalardan foydalangani uchun suvda cho‘kib, halok bo‘lgan. Aprel oyida Italiya hukumati muhojirlar oqimining ko‘pligi sababli mamlakatda olti oy muddatlik favqulodda holat e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi