It va mushuklar egalari diqqatiga! Siz uy hayvonlarini asrash qoidalari bilan tanishmisiz?

Foydali

image

Uy hayvonlari egalarining hammalari ham bu masalaga jiddiy qarashmaydi. It va mushuk boqish qoidalari qonunchilik bilan aniq belgilangan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi 202-son Qarorida aks etgan.

Siz uchun ularni taqdim etamiz.

1. Ushbu qoidalar O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida itlar va mushuklarni (xizmat itlari bundan mustasno) saqlash tartibini belgilaydi hamda itlar va mushuklarning barcha egalari, shu jumladan yuridik shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.

Itlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va vaksinatsiya qilish

2. Aholi punktlarida itlar ro‘yxatga olinishi va har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Bu tegishli veterinariya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

3. Ro‘yxatga olish itlarni dastlabki vaksinatsiya qilishda amalga oshiriladi. Itlarni ro‘yxatga olishda itlarning egalariga belgilangan tartibda itlarni ro‘yxatga olish guvohnomasi beriladi.

Har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkazish itlarni takroran vaksinatsiya qilishda amalga oshiriladi. Bu haqda itlarni ro‘yxatga olish guvohnomasiga tegishli belgi qo‘yiladi.

4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tegishli veterinariya bo‘limlariga itlarni quturishga qarshi o‘z vaqtida vaksinatsiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi.

5. Zotidan qat’i nazar, 3 oylikdan boshlab itlar vaksinatsiya qilinishi kerak. Yangi sotib olingan itlar, agar ular vaksinatsiya qilingan muddat noma’lum bo‘lsa, sotib olingandan keyin bir hafta muddatda vaksinatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak.

6. Itlarni ro‘yxatga oladigan veterinariya bo‘limlari:

•    vaksinatsiya qilishda xarajatlar belgilangan tartibda qoplangan holda ro‘yxatga olish guvohnomasini va jeton shaklidagi ro‘yxatga olish belgisini (itning bo‘yinbog‘iga mahkamlanadi) yoki mikrochiplar (teri ostiga kiritiladi) berishga;

•    itlarning egalarini ushbu Qoidalar bilan tanishtirishga majbur. Bu it egasining itni ro‘yxatga olish guvohnomasiga qo‘yiladigan imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.

Itlar va mushuklarni saqlashga nisbatan qo‘yiladigan talablar

7. Sanitariya-gigiyena va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish itlar va mushuklarni saqlashning majburiy sharti hisoblanadi.

8. Barcha itlar, zarur hollarda esa ular bilan birga saqlanadigan boshqa quturishga moyil hayvonlar ham uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomada nazarda tutilgan tartibda quturishga qarshi emlash vaksinasi bilan profilaktik emlanishi shart.

9. Ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi.

Alohida uyda itlarni saqlashga faqat bog‘langan holda, erkin sayr qildirishda - atrofi o‘ralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yo‘l qo‘yiladi.

10. Itlar ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini ta’minlashlari — ertalab soat 8.00 gacha va kechqurun 22.00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.

11. QUYIDAGILAR:

•    itlar va mushuklarni umumiy foydalaniladigan joylarda: zinapoya maydonchalari, cherdaklar, yerto‘lalarda, shuningdek oshxonalar, balkonlar va umumfoydalanishdagi peshayvonlarda saqlash;

•    qo‘riqchi itlarni ta’lim va tibbiyot muassasalarida saqlash;

•    itlar va mushuklarni umumiy ovqatlanish korxonalariga, oziq-ovqat do‘konlari va boshqa do‘konlarning savdo va ishlab chiqarish zallariga olib kirish;

•    itlar va mushuklarni ko‘pchilik boradigan joylarda (plyaj, hovuz, favvoralarda va hokazolarda) cho‘miltirish yoki yuvish;

•    mast holatdagi shaxslar va 14 yoshdan kichik bolalarning itlarni sayr qildirishi;

•    itlar bilan jamoat joylarida bo‘lish va jamoat transportiga chiqish taqiqlanadi, ushbu Qoidalarning 12 va 13-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

•    oldini olish mumkin bo‘lgan itlar va mushuklarning o‘lishiga yoki jarohatlanishiga olib kelgan itlar va mushuklarni tashlab ketish, ularga jarohat yetkazish, ularni qarovsiz holda qoldirish, ularga ozor berish yoki jismoniy va ma’naviy azob berish, ularga nisbatan boshqa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlarni sodir etish;

•    itlar va mushuklarni sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmatlarining ruxsatisiz bolalar muassasalarining zoologiya burchaklarida saqlash taqiqlanadi.

12. Itlar ochiq joylarda yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildiriladi, bu yerlar har doim ozoda saqlanishi kerak.

Itning egasi it qochib ketmasligi yoki odamlar yoki boshqa hayvonlarga hujum qilmasligi choralarini ko‘rishi zarur.

It bo‘yinbog‘iga jeton mahkamlangan holda yetovda olib yurib sayr qildirilishi kerak. Jetonda itning laqabi, it egasining manzili, telefon raqami ko‘rsatilishi kerak.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi kerak, tumshuqbog‘siz va yetovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.

13. Itlar va mushuklarni transportning jamoat transportidan boshqa barcha yer usti turlarida olib yurishga ruxsat beriladi.

Kichik itlar va mushuklarni jamoat transportida ularning sog‘lig‘iga xavf solmaydigan va ular qochib keta olmaydigan ko‘chma qurilmalarda, shuningdek yo‘lovchilarning xotirjamligi buzilishini istisno etgan shartlarga rioya qilgan holda olib yurishga ruxsat beriladi.

14. Ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida yetovsiz yurgan itlar va mushuklar hatto bo‘yinbog‘i, jetoni va tumshuqbog‘i bo‘lgan taqdirda ham, ularning zoti va vazifasidan qat’i nazar, tutib olinishi kerak.

Aholi punktlarida itlar va mushuklarni tutish odamlar va hayvonlarning quturish va boshqa zararli kasalliklarga chalinishining oldini olish, shuningdek odamlar va hayvonlarni tishlab olishini bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.

Tutib olingan itlar, zotidan qat’i nazar, 5 kun mobaynida it tutish xizmatlarida saqlanadi va it egasi murojaat qilgan va itning uniki ekanligi (ro‘yxatga olish guvohnomasi, veterinariya guvohnomasi) tasdiqlangan va saqlash xarajatlari to‘langan taqdirda egasiga qaytarilishi mumkin.

Ko‘rsatib o‘tilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin tutib olingan, kasallik belgilari bo‘lmagan zotli itlar saqlash xarajatlari to‘langandan keyin manfaatdor shaxslarga berilishi mumkin.

15. Ko‘chmas mulk egalari yoki unda xo‘jalik yuritadigan shaxslar o‘z ob’ektlari va hududlarida qarovsiz qolgan hayvonlar bo‘lishiga yoki ularni ovqatlantirishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Bunday hayvonlar paydo bo‘lgan taqdirda darhol shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limi xodimlarini chaqirish zarur.

16. It va mushuklarni sotib olish, sotish, olib kelish va olib ketishga hayvonning sog‘lig‘i to‘g‘risida veterinariya hujjatlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Itlar va mushuklar egalarining huquq va majburiyatlari

17. Har qanday hayvon egasining mulki hisoblanadi va har qanday mulk singari qonun bilan muhofaza qilinadi.
18. Hayvon egasidan sudning qaroriga ko‘ra yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha olib qo‘yilishi mumkin.

Itning egasi o‘z itini yetovga bog‘langan holda va tumshuqbog‘da cheklangan vaqt mobaynida yolg‘iz qoldirish huquqiga ega.

19. Itlarning egalari quyidagilarga majbur:

•    atrofdagi odamlar va hayvonlarning xavfsizligini ta’minlaydigan zarur choralarni ko‘rish;

•    itlarning qo‘shnilar tinchligini buzib tinimsiz vovillashiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;

•    itlar va mushuklarning umumfoydalanishdagi joylarni (kirish joylarini, zinapoya maydonchalarini, liftlarni, bolalar maydonchalarini, yo‘lkalarni, yo‘laklarni, ko‘kalamzorlashtirilgan va obodonlashtirilgan hududlarni va hokazolarni) iflos qilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

•    umumfoydalanishdagi joylarda itlar va mushuklar qoldirgan ekskrementlarni olib tashlash;

•    itlar va mushuklar qoldiradigan ekskrementlarni darhol yig‘ishtirib olish uchun o‘zi bilan anjom olib yurish;

•    itlarni sotib olishda va boshqa joyga ko‘chganda ularni tegishli veterinariya bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazish va har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek zarur ma’lumotlarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ma’lum qilish;

•    itlarni ro‘yxatga olish guvohnomasini taqdim etish hamda itlarni tekshirish va kasallikning oldini oluvchi emlash uchun veterinariya bo‘limiga olib kelish;

•    tegishli hududga kirishda it borligi to‘g‘risida ogohlantiradigan taxtacha o‘rnatish;

•    it yoki mushuk odamlarni yoki hayvonlarni tishlagan taqdirda uni darhol tekshirish va 10 kun muddat ajratib qo‘yish uchun veterinariya bo‘limiga olib kelish hamda birinchi va takroriy veterinariya ko‘rigi haqidagi ma’lumotnomani veterinariya bo‘limidan olish va uni tishlashdan jabrlangan shaxsga darhol topshirish;

•    hayvonlar quturish kasalligiga chalinganligi haqidagi har bir shubhalanishda darhol veterinariya bo‘limini xabardor qilish va ularni ajratib qo‘yish uchun zarur choralar ko‘rish;

•    kasal itlar va mushuklarni hayvonlar ajratib qo‘yiladigan maxsus xizmatlarga topshirish;

•    itlar o‘lgan taqdirda veterinariya bo‘limiga, yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga xabar berish hamda o‘lgan itning jasadini tashlab yubormaslik, uni itni ro‘yxatga olish guvohnomasini ilova qilgan holda tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limiga topshirish.

Hayvonlar egalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari

20. Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari:

•    ko‘chalarda va boshqa joylarda qarovsiz qolgan, shu jumladan egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni tutishni tashkil qiladilar, shuningdek ularni vaqtincha saqlash uchun maxsus joylar barpo etadilar;

•    odamlar va hayvonlarga jarohat yetkazgan yoxud nojo‘ya harakat qilinmaganda ularga hujum qilgan hayvonlarni keyinchalik karantin qilish uchun veterinariya bo‘limlariga olib keladilar;

•    hayvonlar quturgan taqdirda tegishli davlat veterinariya bo‘limlari bilan birgalikda ish olib borilishini tashkil etadilar, shuningdek o‘lgan hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda zararsizlantiradilar.

21. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:

•    tegishli veterinariya bo‘limlariga itlarni quturishga qarshi o‘z vaqtida vaksinatsiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladilar;

•    o‘lgan va daydi itlar hamda mushuklar aniqlanganda bu haqda shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limiga xabar qiladilar;

•    hayvonlar quturganligiga shubhalanilganda qisqa muddatlarda veterinariya bo‘limlariga va sog‘liqni saqlash organlariga xabar qiladilar.

22. Veterinariya bo‘limlari:

•    fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida itlarni quturishga qarshi majburiy vaksinatsiya qilishni har yili belgilangan muddatlarda o‘tkazadilar;

•    quturish aniqlangan taqdirda karantin zonasidagi va tahdid zonasidagi quturishga moyil barcha hayvonlarni quturishga qarshi profilaktik vaksinatsiya qiladilar;

•    hayvonlar uchun antirabik vaksinalarning zarur zaxirasini yaratadilar;

•    veterinariya haqidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan quturish profilaktikasi bo‘yicha boshqa veterinariya tadbirlarini o‘tkazadilar;

•    veterinariya talablari bajarilishini nazorat qiladilar.

23. Sog‘liqni saqlash organlari:

•    jabrlanganlar murojaat qilgan taqdirda quturishga qarshi vaksinatsiyani tezkorlik bilan o‘tkazadilar;

•    quturish yuqishi xavfi ta’sirida bo‘lgan aholi guruhini (qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda ixtisoslashtirilgan ovchilik brigadalarining ovchilarini) muntazam ravishda vaksinatsiya qiladilar;

•    fuqarolar uchun antirabik vaksinalar va immunoglobulinning zarur zaxirasini yaratadilar.

Ushbu Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish

24. Ushbu Qoidalarga rioya etilishini ichki ishlar organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladilar.

25. Ushbu Qoidalar buzilgan taqdirda belgilangan tartibda ichki ishlar organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

26. Ushbu Qoidalar buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksigamuvofiq amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

it mushuk

Baholaganlar

63

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing